PEDAGOGIK TAʼLIM INNOVATSION KLASTERI: EHTIYOJ, ZARURAT, NATIJA
Abstract
<strong>Anotatsiya:</strong> Ushbu maqolada Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri: ehtiyoj, zarurat, natija haiqda ma'lumotlar berilgan. Daraxtning ildizi qanchalik chuqur va tarmoqlangan boʻlsa, u shunchalik mustahkam, uning umri shunchalik davomli, hosili esa moʻl-koʻl boʻladi. Insoniyat koʻp ming yillik taraqqiyoti davomida jamiyatni rivojlantirishning taʼlim, ilm va hunardan samaraliroq vositasini kashf qila olgan emas. Shu sababli ham taʼlim, ilm-fan har qanday jamiyat, millat va davlatning kelajagini belgilab beradigan, uning taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim omildir.Taʼlim oʻz ildizlarini ilm-fan va ishlab chiqarish, ijtimoiy turmush, bir soʻz bilan aytganda, hayot bilan bogʻlay olgan, ichki va turdosh tarmoqlar bilan har tomonlama integratsiyaga kirishgan taqdirdagina oʻz oldiga qoʻygan natijalarga erisha oladi, fan, taʼlim-tarbiya va iqtisodiyotning oʻzaro chuqur, har tomonlama uzluksiz aloqasini taʼminlay olgan va jamiyat hayotining barcha sohalariga tatbiq eta olgan davlat esa taraqqiyotga erishadi. Bu borada mamlakatimiz taʼlim sohasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligi hech kimga sir emas. Taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashning maqsadli yoʻnalishlarini aniqlash, ayniqsa, pedagog kadrlarning kasbiy malakalari va bilim saviyasini uzluksiz yuksaltirish eng dolzarb masalalardandir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil uchun moʻljallangan eng muhim ustuvor vazifalar toʻgʻrisidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham dolzarb masalalar qatorida ilm-fan va taʼlim, taʼlim va ijtimoiy-iqtisodiy hayot munosabatlariga alohida urgʻu berilganligi bejiz emas. Modomiki, taʼlim tizimining markazida inson kapitali, uni toʻgʻri taqsimlash, undan samarali foydalanish va maqsadli yoʻnaltirish turar ekan, bunda maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlim tizimini jamiyatning barcha manfaatdor tomonlari, taʼlim jarayonining barcha subyektlari bilan yaxlit bir butunlikda bugungi kun talablari asosida tashkil etish hamda taʼlimning toʻliq uzluksizligiga erishish oldimizda turgan muhim vazifalardandir.Keyingi yillarda yuz berayotgan tub oʻzgarishlar jamiyat hayotining barcha sohalariga yangicha innovatsion yondashuvlar, mavjud qarashlar, tushunchalar va munosabatlarni taraqqiyot koʻzgusi va samaradorlik mezonlari bilan qayta koʻzdan kechirishni taqozo etmoqda. Istiqlol yillarida taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirilganini taʼkidlagan holda, aytishimiz joizki, maqsadlar va ularga erishish usul va vositalarini aniq belgilay olmaslik, mehnat bozori talablarini chuqur oʻrganmaslik, undagi talab va taklifning nomuvofiqligi, odamlarning ijtimoiy ahvoli va xohish-istaklarini inobatga olmaslik oqibatida anchagina jiddiy xato va kamchiliklar ham kuzatildi. Natijada, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”da nazarda tutilgan talablar toʻliq ijrosini topmadi. Oʻtgan yillar davomida biz barcha sohalar kabi taʼlim va kadrlar tayyorlash sohasida ham oʻzimizga xos va mos yoʻlni topishga koʻproq eʼtibor qaratdik.
Not yet translated