ALEKSANDR SEMYONOV — NAVOIYSHUNOS, BIBLIOGRAF OLIM
Abstract
O‘zbek adabiyotini o‘rganish tarixida rus sharqshunoslarining hissasi ham salmoqli. XX asr boshlarida yashab, faoliyat yuritgan rus sharqshunos olimlari safida Aleksandr Aleksandrovich Semyonovning xizmatlari alohida o‘rin tutadi. Bu olim fanning ko‘p sohalarida faoliyat olib borgan. Jumladan, u tashkilotchi pedagog, adabiyotshunos, musiqashunos, etnograf, manbashunos, tarixchi sifatida samarali mehnat qildi. A. Semyonovning O‘zbekiston xalqi turmush tarzi, moddiy-ma’naviy, adabiy-ilmiy merosi bo‘yicha olib borgan jiddiy kuzatishlari e’tiborga molik. O‘zbek adiblari asarlari qo‘lyozma manbalarini ilk bor ro‘yxatga olish, ularning bibliografiyasini shakllantirish ishlari olim ilmiy faoliyatining eng sermasul davriga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, Navoiy asarlarining Buxoro, Samarqand, Toshkent fondlaridagi manbalarini to‘plash, shakllantirilgan bibliografiyasi asosida ularni ilk bor tavsiflanishi fanimizning muayyan yutuqlariga hissa bo‘lib qo‘shilgan. Navoiy asarlarini tavsiflashda ularning dunyo kutubxonalaridagi nusxalarini o‘rganish, kataloglashtirish ishlari bilan shug‘ullangan olimlar haqida ma’lumotlar bu sohada ishlarning boyishiga sabab bo‘lgan edi. Olim tomonidan tuzilgan tavsifiy xarakterdagi kitoblar XX asr boshlaridagi navoiyshunoslik haqida muayyan ma’lumotlar berishi bilan ham qimmatlidir. Mazkur maqolada o‘zbek va tojik xalqlari ilm-fani rivojiga ilmiy-amaliy jihatdan katta hissa qo‘shgan olim A. Semyonovning navoiyshunoslik, manbashunoslik faoliyati xususida fikr yuritiladi.
Not yet translated