TIL SISTEM – STRUKTURAVIY TUZILMA SIFATIDA
Abstract
Borliqni muayyan turdagi elementlar uzviyligidan tashkil topadigan sistema sifatida talqin qilish g‘oyasi ilk bor nemis faylasufi I.Kantning “Umumiy tabiiy tarix va samo nazariyasi” kitobida ilgari surilgan. Unga ko‘ra, olam nafaqat o‘zgarib turish, balki rivojlanish hamda elementlarni o‘zaro tortishish qonuniyatlariga asoslanuvchi sistemadir. Muayyan turdagi elementlarning o‘zaro munosabatiga asoslanuvchi sistemaga oid keyingi izlanishlarda u olamni elementlarning salmog‘i, tarkibiy tuzilishi, moddiy va idrokiy asosiga ko‘ra sodda va murakkab, moddiy va idrokiy kabi turlarga ajratadi. Natijada sistema elementlari tizimni tashkil qiladigan ob’yektlar sifatida, ularning o‘zaro munosabati esa sistemaning tarkibiy tuzilishi, strukturasi sifatida (struktura – lotincha “tuzilish”, “qurilish”, “joylashish” degan ma’noni anglatadi) talqin etila boshlandi. Bir xil tarkibli moddiy yoki idrokiy elementlardan tashkil topadigan tizim — sodda, turli tarkibli moddiy va idrokiy elementlar cho‘lg‘amidan tashkil topadigan tizim — murakkab sistema sifatida farqlandi. Moddiy elementlardan tashkil topadigan tizim — material sistema, ularni idrok etish natijasida hosil qilinadigan tushuncha, ma’no, fikr va g‘oyalar, bilim va ko‘nikma kabi tafakkur elementlaridan tarkib topadigan tizim — ideal yoki idrokiy sistema sifatida belgilandi.
Not yet translated