SATIRIK HIKOYALARDA BADIIY DETALLARNING AHAMIYATI
Abstract
Dunyo adabiyotshunosligida “satirik modus” terminining ilmiy etimologiyasini va zamonaviy adabiyotshunoslikda qo‘llaniladigan ma’nosini izohlash, satirik asarlarda qahramon va aksilqahramon tushunchalarini ochib berish, shaxs va jamiyat munosabatlarining murakkab tabiatini ko‘rsatish, ingliz va o‘zbek satirik nasri arxitektonikasini shakllantiruvchi tamoyillarni aniqlash, uning poetikasidagi muhim jihatlarni tadqiq qilish kabi vazifalar bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois soha olimlari badiiy ijodning bir turi — satira va yumor bilan bog‘liq muammo va vazifalarni yoritishga jiddiy e’tibor qaratishadi. Satirik asarlar muayyan davrni, ijtimoiy hayotni, jamiyatdagi va insonlar o‘rtasidagi illatlarni kulgi orqali ayovsiz fosh etadi, ulardan voz kechish kerakligini namoyon etadi. Badiiy detallar yordamida xarakter qirralari to‘la namoyon bo‘ladi. Asar qahramonlarining ichki va tashqi olamini anglash uchun aniq bir vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ular voqealarning tadrijiy rivojini, qahramon xarakterini va yozuvchi fikrlarini anglashga yordam beradi. Badiiy detal tufayli muallif chizgan hayot tasviri jonlanadi. Yozuvchi uchun badiiy detal alohida so‘zlar, iboralar, matndagi takrorlar bo‘lib, muallifga o‘z fikrlarini kitobxonga yetkazish imkonini beradi. Tafsilotlar bayon yoki tavsiflovchi bo‘lishi mumkin. Har bir adabiy asar qahramonlarning yashash sharoiti, xarakterlar to‘qnashuvi, ruhiyatidagi turfaliklar va ularning to‘xtovsiz o‘zgarib turishiga, rivojiga aloqador sanoqsiz badiiy detallar umumlashmasidan iborat. Hikoya detali — voqea-hodisa haqida hikoya qiluvchi va syujetni rivojlantirishga xizmat qiluvchi detal. Tasviriy detal personajlarning axloqi va xarakterini ifodalovchi detaldir. Tadqiqot jarayonida qiyosiy-tipologik, biografik, psixologik, sistem-struktur tahlil usullaridan foydalanilgan. Maqolaning maqsadi Ivlin Vo va Abdulla Qahhor satirik hikoyalaridagi badiiy detallarni tahlil qilish, satirik mohiyatini aniqlashdan iborat.