Xolesistit bilan kechayotgan homiladorlikda preeklampsiya rivojlanishining klinik-patogenetik xususiyatlari
Abstract
So‘nggi yillarda ekstragenital yallig‘lanish kasalliklarining, xususan, xolesistitning, preeklampsiya rivojlanishidagi roliga qiziqish ortmoqda, biroq mazkur bog‘liqlik yetarlicha o‘rganilmagan. Tadqiqotimiz maqsadi xolesistit bilan kechayotgan homiladorlikda preeklampsiya rivojlanish xavfini baholash va uning klinik, laborator hamda plasentar gemodinamik ko‘rsatkichlar bilan o‘zaro bog‘liqligini aniqlashdan iborat bo‘ldi. Tadqiqotga jami 46 nafar homilador ayol jalb etildi: asosiy guruhni 25 nafar xolesistit bilan kechayotgan homilador ayollar, nazorat guruhini esa 21 nafar xolesistit belgilari mavjud bo‘lmagan homilador ayollar tashkil etdi. Xolesistitli homilador ayollarda preeklampsiya chastotasi nazorat guruhiga nisbatan ishonchli ravishda yuqori bo‘ldi (36,0% qarshi 14,3%; p<0,05). Asosiy guruhda arterial gipertenziya, proteinuriya, CRP, AST/ALT ko‘rsatkichlari va bachadon arteriyasi qarshilik indeksi ishonchli darajada oshgani aniqlandi (p<0,05). Korrelyatsion tahlil xolesistit va preeklampsiya o‘rtasida o‘rtacha musbat bog‘liqlik mavjudligini (r≈0,4–0,45) ko‘rsatdi. Scatter plot tahlili xolesistit mavjud bo‘lgan hollarda preeklampsiyaning o‘rta va og‘ir klinik shakllari ustun ekanini vizual ravishda tasdiqladi. Shunday qilib, xolesistit homiladorlik davrida preeklampsiya rivojlanishi va uning og‘ir kechishi uchun muhim ekstragenital xavf omili hisoblanadi. Xolesistitli homilador ayollarda yallig‘lanish markerlari va plasentar gemodinamik ko‘rsatkichlarni erta va kompleks baholash preeklampsiyani prognoz qilish va profilaktika qilishda ahamiyatlidir.