MAHALLARDA XAFVSIZLIK VA SOG'LOM MA'NAVIY MUHITNI MUSTAHKAMLASHDA JAMOAT TASHKILOTLARI FAOLLIGINI OSHIRISH IMKONIYATLARI
Abstract
Mazkur maqolada mahallalarda xavfsizlik va sog'lom ma'naviy muhitni mustahkamlashda jamoat tashkilotlari, xususan, "Qalqon" jamoatchilik guruhlari hamda "Mahalla yettiligi" tuzilmasi bilan ijtimoiy hamkorlik imkoniyatlari tahlil qilinadi. Tarixdan ma'lumki, yurtimizda mahallalar ijtimoiy hamkorlik maskani sifatida sharqona demokratiyaning yadrosi bo'lib xizmat qilgan. Mahalla qadim zamonlardanoq insonlar o`rtasida o`zaro hamjihatlik, birlashtirish, tarbiyaviy ta'sir va ezgu ishlarga safarbarlik vazifalarini bajaruvchi o`zbek davlatchiligining noyob institutidir. Arxeologik ma'lumotlar Vatanimiz hududida mahalla tizimining ilk belgilari jez davriga borib taqalishini ko'rsatadi. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi Sopollitepa manzilgohidagi jez davriga tegishli manbalarining guvohlik berishicha, u yerda miloddan avvalgi XVIII – XV asrlarda sakkiz oilaning bir joydagi manzilgohi qayd etilgan. Bu oilalarni faqat urug' jamoasigina emas, balki ishlab chiqarish manfaatlari ham birlashtirib turgan. Keyinchalik ularning safiga patriarxal tizim asosida 100 dan ortiq oilalar kelib qo'shilgan. Katta oilalar jamoasini ular orasidan saylangan oqsoqol boshqargan. Oqsoqollar o'z navbatida oliy oqsoqollar kengashiga birlashgan. Oqsoqollar, odatda, jamoa – qishloq hayoti bilan bog'liq barcha masalalarni oliy kengash orqali hal qilishgan. Bundan tashqari, miloddan avvalgi III asrdan to milodiy V asr boshlarigacha qadimgi Parkana (Farg'ona) davlatida ham jamoalar hayoti bilan bog'liq masalalarni oqsoqollar kengashi hal etgan. Kengash, asosan, sulh tuzish, vazirlar tarkibi va soliqlarni tayinlash, urush e'lon qilish, jamoa ishlariga safarbar etish kabi masalalar bilan shug'ullangan.
Not yet translated