KINO SAN'ATIDA IJTIMOIY HAQIQAT TALQINI
Abstract
Ushbu maqolada kino san'atida ijtimoiy haqiqat tushunchasining talqini, uning shakllanish mexanizmlari hamda axborot makonidagi o'rni tahlil qilinadi. Jahon va o'zbek, qoraqalpoq kinematografiyasi misolida haqiqat va badiiy to'qima o'rtasidagi munosabat, shuningdek, kinoning jamiyat ongiga ta'siri ko'rib chiqiladi. Turli filmlar tahlili orqali media va ijtimoiy voqelik o'rtasidagi bog'liqlik ochib beriladi. Kirish. Hozirgi raqamlashuv va globallashuv sharoitida axborot makoni inson hayotining ajralmas qismiga aylandi. Axborot oqimining ortishi "haqiqat" tushunchasini ham murakkablashtirmoqda. Bu jarayonda kino san'ati nafaqat madaniy mahsulot, balki ijtimoiy voqelikni shakllantiruvchi muhim vosita sifatida namoyon bo'ladi. Kino orqali jamiyatdagi voqealar aks ettiriladi, biroq bu aks ettirish doimo muayyan badiiy talqin bilan bog'liq. Shu bois kinoni ijtimoiy haqiqatni yaratuvchi va qayta talqin qiluvchi vosita sifatida o'rganish dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu tadqiqotning maqsadi — kino san'atida ijtimoiy haqiqat talqinini jahon va o'zbek, qoraqalpoq kinematografiyasi misolida tahlil qilishdir. Ijtimoiy haqiqat — bu jamiyat tomonidan qabul qilingan va axborot, madaniyat hamda ijtimoiy tajriba ta'sirida shakllangan voqelik tasavvuridir. U ko'pincha obyektiv voqelikning to'liq in'ikosi emas, balki uning talqini hisoblanadi. Zamonaviy axborot jamiyatida "posthaqiqat" holati keng tarqalgan bo'lib, unda faktlardan ko'ra emotsiyalar va shaxsiy qarashlar ustunlik qiladi. Kino aynan shu jarayonda muhim rol o'ynaydi, chunki u voqelikni vizual va emotsional shaklda taqdim etadi.
Not yet translated