POKISTON 1977-2000 YILLARDA XOTIN- QIZLARNING SOG'LIQNI SAQLASH SOHASIDAGI MUAMMOLARI VA IJTIMOIY XIZMATLAR
Abstract
Pokistonda ayollarning sog'liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish darajasi bevosita madaniy to'siqlar bilan belgilanadi. Jamiyatda shakllangan patriarxal munosabatlar ayollarning o'z sog'lig'i bilan bog'liq masalalarda mustaqil qaror qabul qilish huquqini cheklab, ularni erkak qarindoshlar roziligiga bog'lab qo'ygan. Natijada ayollarning tibbiy xizmatlarga murojaat qilish chastotasi past bo'lib, ijtimoiy himoya tizimlari tomonidan taqdim etiladigan sog'liqni saqlash dasturlari to'liq ishlamay qolgan. An'anaviy madaniy qarashlarda ayol tanasi va salomatligi ko'pincha "xususiy masala" sifatida baholanadi. Bu holat, ayniqsa, reproduktiv salomatlik bilan bog'liq xizmatlardan foydalanishda yaqqol namoyon bo'ladi. Tadqiqotlarga ko'ra, ko'plab hududlarda ayollarning ginekologik ko'riklardan o'tishi yoki tug'ruq bilan bog'liq professional tibbiy yordam olishi ijtimoiy jihatdan nomaqbul holat sifatida qaralgan. Natijada ayollar sog'liqni saqlash tizimiga kech murojaat qilgan yoki umuman murojaat qilmagan. Madaniy cheklovlar tibbiy infratuzilmaning o'zida ham namoyon bo'lgan. Ayol shifokorlar va tibbiyot xodimlarining yetishmasligi, ayniqsa, qishloq hududlarida ayollarning tibbiy xizmatlardan foydalanishini cheklagan. Ko'plab hollarda erkak shifokorlarga murojaat qilish madaniy jihatdan ma'qullanmaganligi sababli ayollar davolanishdan voz kechgan. Bu esa sog'liqni saqlash tizimidagi gender nomutanosiblikning madaniy ildizlarga ega ekanligini ko'rsatadi. Ijtimoiy himoya tizimlari doirasida taqdim etiladigan sog'liqni saqlash va ijtimoiy yordam dasturlari ham madaniy to'siqlar ta'sirida cheklangan samaradorlikka ega bo'lgan. Ayollarga mo'ljallangan ijtimoiy yordam paketlari ko'pincha oila boshlig'i sifatida erkaklar orqali taqsimlangan, bu esa ayollarning real ehtiyojlarini inobatga olishni qiyinlashtirgan. Natijada davlat tomonidan ajratilgan resurslar ayollar salomatligini yaxshilashda kutilgan natijani bermagan.
Not yet translated