TALABA YOSHLARDA QO'SHIQ IJROCHILIK SAN'ATINI SHAKLLANTIRISHNING O'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Abstract
Ushbu mavzu talaba-yoshlar orasida qo'shiq ijrochilik san'atini shakllantirishning o'ziga xos xususiyatlarini yoritadi. Unda vokal ko'nikmalarni rivojlantirish, sahna madaniyatini shakllantirish hamda estetik didni tarbiyalash jarayonlari tahlil qilinadi. Zamonaviy O'zbekiston ta'lim tizimi keng ko'lamli islohotlar bosqichiga kirgan bo'lib, bu o'zgarishlar pedagogik jarayonning barcha tarmoqlari qatori musiqa ta'limi, xususan qo'shiq ijrochilik san'atiga ham bevosita ta'sir ko'rsatmoqda. Talaba-yoshlar ongida estetik did, musiqiy savodxonlik, vokal madaniyat va ijodiy tafakkurni rivojlantirish bu islohotlarning muhim ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lib qolmoqda. Avvalgi bo'limda yoritilganidek, qo'shiq ijrochiligini shakllantirishda shaxsga yo'naltirilgan, kompetentlikka asoslangan, innovatsion va madaniy-tarbiyaviy yondashuvlar markaziy o'rin tutadi. Ushbu yondashuvlar pedagogik amaliyotda real ta'sir kuchiga ega bo'lishi uchun ular keng qamrovli islohotlarning ilmiy-metodik kontekstida tahlil qilinmog'i lozim. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-sonli farmonida qayd etilganidek, yangi davr ta'limi "inson kapitali"ni rivojlantirishga yo'naltirilgan bo'lib, bunda ijodiy tafakkurga, kommunikativ salohiyatga, estetik idrok va vokal madaniyatga ega shaxsni tarbiyalash ustuvor vazifa qilib belgilanmoqda[1]. Ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlar musiqiy ta'lim mazmuni va shakl-shamoyiliga ham bevosita ta'sir ko'rsatmoqda. An'anaviy repetitiv va texnikaga asoslangan mashg'ulotlarning o'rnini endilikda talabaning individual vokal imkoniyatlarini ochishga qaratilgan erkin, reflektiv va ijodiy usullar egallamoqda. Bu esa qo'shiq ijrochilikni faqat kasbiy malaka emas, balki shaxsiy kamolot, ijtimoiy muloqot va estetik ong shakllanishi vositasi sifatida anglashni taqozo etmoqda.
Not yet translated