SUN'IY INTELLEKT DASTURLARI ORQALI QORAQALPOQ XALQ MILLIY CHOLG'ULARINI OMMALASHTIRISHNING O'QUVCHI-YOSHLAR MA'NAVIY-MADANIY TARBIYASIDAGI AHAMIYATI
Abstract
Ushbu maqolada global raqamli muhit sharoitida qoraqalpoq xalq milliy cholg'ularini (xususan, dutor, qobiz) sun'iy intellekt texnologiyalari yordamida ommalashtirishning yoshlar ma'naviy-estetik tarbiyasiga ta'siri ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilingan. An'anaviy cholg'u ijrochiligi biomexanikasini raqamli vositalar orqali vizualizatsiya qilish, musiqa ta'limiga adaptiv o'qitish tizimlarini joriy etish yoshlarda milliy o'zlikni anglash va estetik didni yuksaltirishning innovatsion omili ekanligi asoslab berilgan. Kirish. Bugungi globallashuv va keskin axborot almashinuvi davrida yoshlarning dunyoqarashi, estetik didi va ma'naviyati asosan raqamli muhitda shakllanmoqda. O'sib kelayotgan yosh avlod ongiga milliy qadriyatlarimizni, xususan, bebaho madaniy merosimiz bo'lmish xalq og'zaki ijodi va an'anaviy cholg'u musiqasini qanday qilib tabiiy va ta'sirchan usullarda yetkazish zamonaviy pedagogikaning eng dolzarb vazifasiga aylandi. Axborot asrida yoshlarni an'anaviy musiqa tinglashga yoki cholg'u chalishga faqatgina nazariy undash yetarli emas; ularning qiziqishlarini uyg'otish uchun zamonaviy raqamli yechimlar, ayniqsa, sun'iy intellekt (SI) dasturlaridan foydalanish zarurati yuzaga kelmoqda. Qoraqalpoq xalqining asrlar davomida shakllangan o'ziga xos baxshichilik san'ati, jirovlar ijodi hamda milliy cholg'ulari (dutor, qobiz, shinkobiz) nafaqat san'at asari, balki xalq ruhiyatining ko'zgusidir. Ilmiy manbalarda ta'kidlanganidek, "Baxshichilik oʻzbek xalqining nomoddiy madaniy merosi tizimida markaziy oʻrin tutadi. Unda xalqning tarixiy xotirasi, qahramonlik ideali, estetik qarashlari, axloqiy me'yorlari va ijtimoiy ong modeli mujassamlashgan" [1]. Bu o'lmas merosni sun'iy intellekt orqali raqamli makonga olib kirish – ma'naviy tarbiyaning mutlaqo yangi bosqichidir.
Not yet translated