EKOLOGIK BARQAROR KOMPOZITSION BETONLAR: QAYTA ISHLANGAN TO'LDIRUVCHILAR VA BAZALT TOLALARNING EKOLOGIK VA TEXNOLOGIK AFZALLIKLARI BO'YICHA ILMIY-ADABIYOTLAR SHARHI
Abstract
Maqolada ikkilamchi xomashyodan olingan to’ldiruvchilar va bazalt tolalar asosida tayyorlanadigan kompozitsion betonlarning tarkibiy tuzilishi, fizik-mexanik xossalari va barqarorligi bo’yicha jahon va yurtimizdagi ilmiy manbalar chuqur tahlil qilindi. Adabiyotlar sharhidan ma’lum bo’lishicha, ikkilamchi to’ldiruvchi ulushi ortishi betonning zichligi va siqilishga chidamliligini o’rtacha 5–30 %, ayrim hollarda 40 % gacha kamaytiradi; bu kamayish to’ldiruvchining g’ovak tuzilishi, sement qobig’i qalinligi va suv shimuvchanligining ortishi bilan bevosita bog’liq. Shu bilan birga, bazalt tolalarni 0,5–2,0 % diapazonda qo’shish betonning egilishga chidamliligini 20–30 %, siqilihga mustahkamligini 5–25 %, yoriqdan keyingi deformatsion barqarorligini esa 2–3 baravar oshirishi mumkinligi aniqlandi. Bu natijalar ikkilamchi to’ldiruvchi sabab yuzaga keladigan mikrostrukturaviy zaiflikning bazalt tolalar orqali qisman kompensatsiyalanishini ko’rsatadi. Tahlil shuni ko’rsatdiki, ikkilamchi to’ldiruvchi va bazalt tolaning muvofiqlashtirilgan nisbatda qo’llanishi betonning yuk ko’tarish xususiyatlarini qabul qilinadigan darajada saqlagan holda uning bardoshlilik, deformatsion barqarorlik va ekologik samaradorlik ko’rsatkichlarini yaxshilaydi. Shu bilan birga, uzoq muddatli chidamlilik (muzlash–erish sikllari, karbonatlanish, agressiv muhitlar), xizmat muddati va hayotiy sikl bahosi bo’yicha ilmiy ma’lumotlar yetarli emasligi qayd etildi. Adabiyotlar sharhi ilmiy bo’shliqni aniqlaydi va kelgusidagi tajribaviy tadqiqotlar uchun tarkib tanlash, qorishma parametrlarini optimallashtirish hamda ekologik barqarorlikni kompleks baholash bo’yicha ilmiy asos yaratadi.