BOLALARDA SHIRINLIKKA QARAMLIK VA TISH KARIESI
Abstract
Ushbu maqolada bolalarda shirinlik mahsulotlariga bo‘lgan qaramlik va uning tish kariesi rivojlanishiga ta’siri ilmiy asosda tahlil qilinadi. Zamonaviy epidemiologik ma’lumotlarga ko‘ra, 6–12 yoshdagi bolalarning 70–85 % ida tish kariesining turli darajalari aniqlanib, ushbu ko‘rsatkichning yuqori bo‘lishida tez-tez va nazoratsiz shakar iste’moli muhim etiologik omil sifatida qaraladi. Tadqiqot davomida shakarni ko‘p iste’mol qiluvchi bolalarda karies intensivligi (DMF/dmf indeksi) o‘rtacha 1,8–2,3 baravar yuqori ekanligi qayd etildi. Maqolada shakarli oziq-ovqatlarning og‘iz bo‘shlig‘i mikrobiotasiga ta’siri, kariyogen bakteriyalar faolligining oshishi hamda tish emali demineralizatsiyasi mexanizmlari yoritilgan. Shuningdek, bolalarda shirinlikka qaramlikni kamaytirish, ratsional ovqatlanishni shakllantirish va profilaktik stomatologik choralar orqali tish kariesi xavfini pasaytirish yo‘llari muhokama qilinadi. Tadqiqot natijalari bolalar stomatologiyasida profilaktik yondashuvlarni takomillashtirish uchun amaliy ahamiyatga ega.