QIYOSIY TAHLIL METODOLOGIYASI
Аннотация
Qiyosiy adabiyot yoki qiyosiy adabiyotshunoslik ikki yoki undan ortiq adabiy hodisalarni solishtirishga asoslangan fan sohasidir. Xalqaro ijtimoiy, madaniy va adabiy aloqalar kundan-kun rivojlanib borayotgan hozirgi kunda qiyosiy adabiyotning kelajagi fanning buyuk yo‘nalishlaridan biridir. Har qanday qiyosiy tadqiqotda adabiy hodisalarning umumiy va o‘ziga xos tomonlari aniqlanadi, ular adabiyotlar o‘rtasida umumiy nazariy qonuniyatlarning paydo bo‘lishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Tadqiqot ishining maqsadi. Talaba, magistr va barcha tadqiqotchilarga komparativistika, qiyosiy adabiyotshunoslik metodologiyasi haqida nazariy ma’lumotlarni yetkazish, badiiy asarlarni qiyosiy tadqiq qilish usullarini tushuntirish, bu boradagi bilimlarini takomillashtirishdir. Shuningdek, adabiy hodisalar (tasviriy vositalar, badiiy asar, yozuvchilarning adabiy merosi, adabiy maktablar, janrlar)ning tipologik va genetik mohiyatini aniqlash, tarixiy fenomen yoki konkret-tarixiy shartlanganligini hisobga olmasdan, adabiy fakt sifatida adabiy hodisaga tegishli bo‘lgan ichki qonuniyatlarini namoyon qilishdan iborat. Natijalar va mulohazalar. Qiyosiy-tarixiy metod va uning asoschilari, asosiy tushunchalari; makro va mikrokomparativistika; Sharq va G‘arb adabiy aloqalari, tarjima tanqidi, badiiy matnning qiyosiy tahlili mezonlari kabilar haqida nazariy bilim berish va tadqiqotchilarda adabiy hodisalarni qiyoslash va chog‘ishtirish ko‘nikmalarini hosil qilishdan iborat. Xulosa. Mazkur sohani o‘zlashtirish davomida talaba, magistr va tadqiqotchilar qiyosiy tadqiq metodologiyasi va uning asosiy tushunchalarini izohlay olish, qiyosiy adabiyotshunoslikka oid asosiy adabiyotlarni va ularning qisqacha mazmunini bilish, tarjima, tarjima turlari, tarjima tanqidi haqida umumiy tasavvurga, original va tarjimani qiyoslashga oid muayyan bilimga ega bo‘lish, qiyoslash orqali adabiy hodisalarning umumiy va xos tomonlarini aniqlash, poetika, adabiy aloqalar va adabiy ta’sir masalalarini tahlil qilish bo‘yicha malakalarga ega bo‘ladilar.