O‘ZBEKISTONDA UY-JOYNI MOLIYALASHTIRISHNI TARTIBGA SOLISH: IQTISODIY VA HUQUQIY JIHATLARI
Аннотация
Ushbu maqolada uy-joy huquqi, uy-joy bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar, uy-joy huquqining tamoyillari va O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari tasnifi keltirib o‘tilgan. Shuningdek, maqola turli darajadagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar guruhiga kiruvchi uy-joy moliyasiga doir qonun va qonunosti hujjatlari haqidagi ma’lumotlarni ham o‘z ichiga olgan. Uy-joy moliyasidagi asosiy qoidalarni tushuntirishda zarur me’yoriy-huquqiy kategoriyalarning ta’riflari ham tizimli tarzda bayon qilingan. Uy-joy huquqining predmeti uy-joy munosabatlari, ya’ni fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi. Ta’kidlash lozimki, uy-joylarning xususiy mulkka o‘tishi bilan uy-joy munosabatlari emas, balki uy-joyga nisbatan mulk huquqi – unga egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Shu sababli, fuqarolarning mulki bo‘lgan uy-joy, amalda to‘liq uy-joy huquqining harakat doirasidan chetga chiqadi va fuqarolik huquqiy tartibga solish obyektiga aylanadi.