KOGNITIV SEMANTIKA NAZARIYASIDA ANTROPONIMIK KOMPONENTLI FRAZEOLOGIK BIRLIKLAR TAHLILI
Аннотация
Frazeologik birlik — yagona semantik ma’no ostida birlashgan hamda inson faoliyatining turli sohalari haqida ma’lumot berish imkoniyatiga ega boʻlgan ikki yoki undan ortiq soʻzlardan tashkil topgan turgʻun soʻz birikmalaridir. Hozirgi zamonaviy tilshunoslikda onomastik komponentli frazeologik birliklarni lingvokognitiv hamda lingvomadaniy nuqtayi nazardan oʻrganishga boʻlgan e’tibor sezilarli darajada oʻsdi. Kognitiv nuqtayi nazardan, antroponimik komponentli frazeologik birliklarning semantik ma’nosi ularning tarkibida ishtirok etgan antroponimlar bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, mazkur ma’noviy bogʻliqlik insonning lisoniy faoliyati hamda uning antroponimlar haqidagi ensiklopedik bilimi orqali yaqqol namoyon boʻladi. Mazkur ensiklopedik bilim esa oʻz ichiga tarix, adabiyot, madaniyat, din, xalq ijodiyoti, afsona va rivoyatlar, geografiya kabilarni qamrab oladi. Inson ensiklopedik bilimi haqida soʻz yuritilganda, frazeologik birliklarning onomastik komponentlari, mazkur maqolada esa antroponimlar, aniq bir madaniy, tarixiy, adabiy, siyosiy, ijtimoiy va diniy ma’lumotlarni tashuvchi element sifatida muhim ahamiyatga ega. Mazkur maqolaning maqsadi ingliz va oʻzbek tillari kabi bir-biriga qardosh boʻlmagan tillar frazeologik qatlami tarkibidan joy olgan antroponimlarning muayyan konseptlarni hosil qilishidagi oʻrnini aniqlash, konseptuallashtirish va kategoriyalashtirish hamda kognitiv semantika nazariyasidagi freym tahlili orqali ularning murakkab ensiklopedik hamda semantik xususiyatlarini ochib berishdan iborat. Shunisi ayon boʻldiki, ingliz va oʻzbek tillari kabi turli tizimli tillarda antroponimik komponentli frazeologik birliklarning kognitiv aspekti, freym-semantik tahlili yetarlicha oʻrganilmagan. Shundan kelib chiqqan holda, maqola chogʻishtirilayotgan tillarda antroponimik komponentli frazeologik birliklarning muayyan konseptlarni hosil qila olishidagi potensialini, murakkab semantik ma’noga hamda ensiklopedik tabiatga egaligini e’tirof etadi.