REPRODUKTIV YOSHDAGI AYOLLARDA BACHADON MIOMALARIGA BOG'LIQ QON KETISHLARNING NOINVAZIV DAVOLASH SAMARADORLIGI
Аннотация
Annotatsiya: Mazkur tadqiqot Samarqand davlat tibbiyot universiteti ko‘p tarmoqli klinikasining uroginekologiya va poliklinika bo‘limlarida bachadon miomasi bilan og‘rigan reproduktiv yoshdagi ayollarda miomaga bog‘liq qon ketishlarni noinvaziv konservativ davolash samaradorligini baholash maqsadida o‘tkazildi. Tadqiqotga jami 50 nafar bemor kiritilib, klinik-anamnestik tekshiruv, ginekologik ko‘rik, umumiy qon tahlili va ultratovush tekshiruvi o‘tkazildi. O‘tkazilgan davolash natijalariga ko‘ra, qon ketish bilan kechgan 30 nafar bemorning 23 nafarida (76,7%) hayz qon ketishi hajmi va davomiyligining klinik jihatdan ahamiyatli kamayishi qayd etildi. O‘rtacha hayz davomiyligi davolashdan oldin 8,2 ± 1,4 kunni tashkil etgan bo‘lsa, davolashdan keyin 5,1 ± 1,2 kungacha qisqardi. Gemoglobin darajasi o‘rtacha 98,6 ± 8,3 g/l dan 112,4 ± 7,6 g/l gacha oshdi. Qon ketishsiz miomasi bo‘lgan bemorlarning 18 nafarida (90,0%) kuzatuv davomida klinik holat barqaror saqlanib qoldi. Olingan natijalar bachadon miomalariga bog‘liq qon ketishlarni davolashda noinvaziv konservativ usullar yuqori klinik samaradorlikka ega ekanligini va reproduktiv yoshdagi ayollarda bachadonni saqlab qolishga xizmat qilishini ko‘rsatadi.