SANOAT KORXONALARIDA RESURSLARNI TEJASH VA SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA BOʻLGAN NAZARIY YONDASHUVLAR
Annotatsiya
SANOAT KORXONALARIDA RESURSLARNI TEJASH VA SAMARADORLIGINI OSHIRISHGA BOʻLGAN NAZARIY YONDASHUVLAR Sattarov Abdisamad Umirqulovich Termiz iqtisodiyot va servis universiteti, rector. Resurslarni tejash masalasi zamonaviy sanoat iqtisodiyotida muhim strategik yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu jarayon ijtimoiy ishlab chiqarishning samaradorligini oshirish, xarajatlarni optimallashtirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Resurslarni tejashga texnologik yondashuvlar asosida uning quyidagi ta’rifini shakllantirish mumkin: resurslarni tejash – bu ishlab chiqarish xarajatlarini minimallashtirish, resurs bazasidan oqilona foydalanish, sanoat mahsulotlarining sifatini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan optimallashtirish jarayoni. Ushbu ta’rif resurslarni tejashning iqtisodiy va texnologik jihatlarini o‘z ichiga olib, sanoat korxonalarining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda sanoat tarmoqlarida, xususan qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida resurslarni tejash dasturlarini amalga oshirishda qator muammolar mavjud. Bular quyidagilardan iborat: Iqtisodiy motivatsiyaning zaifligi – korxonalar resurslarni tejash dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun yetarli motivatsiyaga ega emas. Buning sababi iqtisodiy rag‘batlantirish tizimining rivojlanmaganligi va qisqa muddatli foydaga yo‘naltirilgan strategiyalarning ustunligidir. Resurslarni tejash dasturlarini moliyalashtirishning yetarli emasligi – resurslarni samarali tejash mexanizmlarini joriy etish uchun moliyaviy mablag‘lar yetarli darajada ajratilmaydi. Bu esa korxonalarning innovatsion texnologiyalarni joriy etishini cheklaydi. Eski texnologiyalardan foydalanish – ba’zi sanoat korxonalari hanuzgacha eskirgan texnologiyalar asosida faoliyat yuritmoqda. Bu esa resurs xarajatlarining oshishiga va ishlab chiqarish samaradorligining pasayishiga olib keladi. Samaradorligi past bo‘lgan dasturlarning mavjudligi – ishlab chiqarish korxonalarida samarali resurs tejamkorlik chora-tadbirlari yetarlicha ishlab chiqilmagan, shuningdek, mavjud dasturlar amaliyotga yetarlicha joriy etilmagan.[1] Shu sababli, resurslarni tejash dasturlari ko‘plab korxonalarda mavjud emas yoki faqat nominal ravishda amalga oshirilmoqda. Bunday holat iqtisodiy samaradorlikni pasaytirib, sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini susaytiradi. Resurslarni tejash chora-tadbirlarini amalga oshirish zarurati quyidagi asosiy omillarga bog‘liq: Ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish – resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash orqali mahsulot tannarxi pasaytirilib, iqtisodiy samaradorlik oshiriladi.
Hali tarjima qilinmagan