ILK O‘RTA ASRLARDA MARKAZIY SUG‘D ZARGARLIK BUYUMLARI - TAQINCHOQLAR VA BEZAKLAR
Litsenziya: cc-by-nc-nd
Annotatsiya
Maqolada ilk o‘rta asrlarda Markaziy Sug‘d hududida taraqqiy etgan zargarlik san’ati, ayniqsa, Samarqand yaqinida joylashgan Kofirqal’a yodgorligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida qayd etilgan topilmalar asosida tahlil etilgan. Tadqiqot davomida oltin, kumush va bronzadan ishlangan zargarlik buyumlari — qadamalar (podveskalar), medalonlar, sirg‘alar, uzuklar, bilaguzuklar, to‘g‘nog‘ichlar, toj bezaklari, ko‘zgular va qo‘ng‘iroqlar tahlil qilinib, ulardan nafaqat ziynat buyumi, balki himoyaviy, ramziy va marosimiy maqsadda ham foydalanilgani borasida xulosalar qilingan. Shu bilan birga, maqolada Markaziy Sug‘d hunarmandlarining metallga ishlov berish borasidagi yuksak mahorat darajasi, ularning savdo, madaniy aloqalar va diniy qarashlari bilan bog‘liq san’at namunalari orqali ifodalangan. Kofirqal’a yodgorligida aniqlangan zeb-ziynat buyumlari VII - VIII asrlar Markaziy Sug‘d zargarlik san’atini, shuningdek uning qo‘shni hududlar bilan savdo-iqtisodiy va ma’daniy aloqalarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Oltinkumush taqinchoqlar hunarmandchilikning iqtisodda muhim o‘rin tutganligini ko‘rish bilan birga, Sug‘d hududi o‘rta asrlarda qo‘shni Baqtriya, Vizantiya, Eron, va Hindiston bilan faol madaniy, savdo-iqtisodiy aloqada bo‘lganligi borasida muhim ma’lumotlar beradi.