LINTER MASHINASIDA CHIGITLI VALIKNI ZICHLIGINI QAYD ETUVCHI QURILMA YUZASIDAGI HARAKATINI NAZARIY TADQIQI
Annotatsiya
Ushbu maqolada paxtani birlamchi qayta ishlash zanjirining muhim bosqichlaridan biri bo‘lgan linter mashinasi ishchi kamerasida joylashgan chigitli valik zichligini qayd etuvchi qurilma yuzasida paxta chigitining harakatlanish qonuniyatlari nazariy jihatdan tadqiq etilgan. Aylanuvchi baraban ichida harakatlanayotgan chigit zarrachasiga ta’sir etuvchi markazdan qochma kuch, og‘irlik kuchi tashkil etuvchilari, devor tomonidan yuzaga keluvchi normal reaksiya va ishqalanish kuchlari inobatga olingan holda zarracha harakatining differensial tenglamalari tuzildi. Tenglamalar turli boshlang‘ich fazaviy burchaklar (φ = 25°, 35°, 45° va 60°) uchun sonli yechildi va natijada chigitning radial tebranishi, chiziqli tezligi hamda markazdan qochma kuchining vaqt bo‘yicha o‘zgarish xarakteristikalari olindi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, boshlang‘ich burchak kattalashgani sari radial tebranish amplitudasi, tezlik va markazdan qochma kuchning maksimal qiymatlari ortib boradi, bu esa qurilma sirtidagi yuklanish xarakterini bevosita belgilaydi. Olingan natijalar zichlik qayd etuvchi qurilmaning konstruktiv-texnologik parametrlarini ilmiy asoslash, uni baraban ichida oqilona joylashtirish hamda linter mashinasining ish unumdorligi va o‘lchash aniqligini oshirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda foydalanilishi mumkin.