O‘ZBEKISTON HUDUDIDA KUNDUZGI MANFIY HARORATLAR DAVOMIYLIGI ASOSIDA FOTOELEKTRIK MODULLAR FRONTAL YUZASIDA MUZ HOSIL BO‘LISH XAVFINI BAHOLASH
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Kirish. Maqolada O‘zbekiston hududida fotoelektrik modullar frontal yuzasida muz hosil bo‘lishining potensial xavfini baholashga doir yondashuv taklif etilgan. Baholash uchun kunduzgi manfiy haroratlar davomiyligi, bunday kunlar soni va normallashtirilgan xavf indeksi asos qilib olingan. Natijalar tog‘li, tog‘oldi va ayrim shimoliy hududlarda xavf darajasi yuqoriroq ekanini ko‘rsatadi. Usul va materiallar. Tadqiqotda O‘zbekiston hududi bo‘yicha kunduzgi 0 °C va undan past haroratlar davomiyligi hamda shunday kunlar sonini ifodalovchi kartografik materiallardan foydalanildi. Asosiy ko‘rsatkichlar sifatida H0,kun, N0,kun va Imuz indekslari joriy qilindi. Tahlilda modul yuzasi harorati, namlik, yog‘in, shamol, radiatsiya va qiyalik burchagi kabi omillar muzlanishning real davomiyligini aniqlashtiruvchi omillar sifatida ko‘rib chiqildi. Natijalar. Tahlil natijasida kunduzgi manfiy haroratlarning hududiy tarqalishi bo‘yicha O‘zbekistonda potensial muzlanish xavfi notekis ekani aniqlandi. Eng yuqori xavf tog‘li va tog‘oldi hududlarida, shuningdek ayrim shimoliy zonalarda kuzatiladi; markaziy va janubiy tekisliklarda esa xavf nisbatan past. Taklif etilgan indeks asosida hududlarni past, o‘rta, yuqori va juda yuqori xavf toifalariga ajratish imkoniyati ko‘rsatildi. Xulosa. Kunduzgi manfiy haroratlar davomiyligi fotoelektrik modullar frontal yuzasida muz hosil bo‘lish xavfini dastlabki baholash uchun qulay iqlimiy-termik ko‘rsatkich hisoblanadi. Taklif etilgan yondashuv joy tanlash, qiyalik burchagini asoslash, qishki monitoring va ekspluatatsion reglamentlarni ishlab chiqishda amaliy ahamiyatga ega. Biroq real muzlanish va energiya yo‘qotishlarini aniq baholash uchun dala kuzatuvlari asosida qo‘shimcha verifikatsiya zarur.
Hali tarjima qilinmagan