O‘ZBEKISTON IQLIM SHAROITIDA TARMOQQA ULANGAN QUYOSH FOTOELEKTRIK STANSIYALARI INVERTORLARINING ISHONCHLILIGINI MONITORING QILISH VA OSHIRISHNING GEO-ADAPTIV METODIKASI
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Kirish. Maqolada O‘zbekiston iqlim sharoitida tarmoqqa ulangan quyosh fotoelektrik stansiyalari invertorlarining ishonchliligini monitoring qilish va oshirish uchun geo-adaptiv metodika taklif etilgan. Unda invertorlarning ishdan chiqishiga iqlimiy, elektr va ekspluatatsion omillarning birgalikdagi ta’siri tahlil qilinadi hamda “ishonchlilik–chidamlilik” ko‘rsatkichiga asoslangan yondashuv ishlab chiqiladi. Tadqiqot natijalari issiq va changli hududlarda invertorlar degradatsiyasi tezroq kechishini va prediktiv monitoring bunday xavflarni kamaytirishda samarali bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Usul va materiallar. Tadqiqotda ilmiy adabiyotlar, ekspluatatsion kuzatuvlar va statistik ma’lumotlar tahlil qilindi. Klassik ishonchlilik baholash usullari, Weibull taqsimoti asosidagi model, SCADA/IoT telemetriyasi, mashinaviy o‘rganish algoritmlari va raqamli egizak yondashuvi metodologik asos sifatida qo‘llanildi. Taklif etilgan geo-adaptiv metodika iqlim, tarmoq va ekspluatatsion ko‘rsatkichlarni yagona xavf baholash tizimida birlashtiradi. Natijalar Tahlil shuni ko‘rsatdiki, yarim qurg‘oqchil iqlimda invertorlar samaradorligi yiliga 0,8-1,5 % ga kamayadi, issiq cho‘l hududlarida esa yillik ishdan chiqish chastotasi 6-7 % gacha yetadi. Nosozliklarning taxminan 65 % i kuch elektronikasining termik zo‘riqishi bilan bog‘liq. Geo-adaptiv metodika asosida har bir stansiya uchun raqamli xavf profili shakllantirish, prognozli texnik xizmatni yo‘lga qo‘yish va favqulodda to‘xtashlarni kamaytirish imkoniyati asoslandi. Xulosa. Tarmoqqa ulangan SFES invertorlarining ishonchliligi O‘zbekiston sharoitida iqlim, elektr tarmog‘i sifati va issiqlik rejimlariga kuchli bog‘liq ekani aniqlandi. Taklif etilgan geo-adaptiv monitoring metodikasi ishonchlilikni baholashni aniqroq qilish, texnik xizmat ko‘rsatishni optimallashtirish va generatsiya yo‘qotishlarini kamaytirish uchun amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu yondashuv kelgusida real obyektlarda pilot sinovdan o‘tkazilishi maqsadga muvofiq.
Hali tarjima qilinmagan