GELIOISSIQXONADA ISSIQLIK NASOSI VA QUYOSH SUV KOLLEKTORIGA ASOSLANGAN KOMBINATSIYALASHGAN ISITISH TIZIMINING ISSIQLIK REJIMINI MODELLASHTIRISH VA TADQIQ ETISH
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Kirish. Gelioissiqxonalarda energiya sarfini kamaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish zamonaviy qishloq xo‘jaligining dolzarb muammolaridan biridir. Shu sababli issiqlik nasosi va quyosh suv kollektoriga asoslangan kombinatsiyalashgan isitish tizimlarining issiqlik rejimini tadqiq etish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Usul va materiallar. Tadqiqotlarda foydali maydoni 50 m² bo‘lgan gelioissiqxona tanlanib, issiqlik yuklamasi konstruksiya, shamollatish, infiltratsiya, tuproq va transpiratsiya orqali yuzaga keladigan issiqlik yo‘qotilishlari asosida hisoblandi. Issiqlik almashinuvi jarayonlarini tavsiflash uchun energiya balansi tenglamalari tuzildi hamda orqaga Euler usuli yordamida diskret matematik model ishlab chiqildi. Natijalar. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 11.11.2024 sanasida quyosh energiyasi umumiy issiqlik yuklamasining 49,2% qismini qoplagan bo‘lsa, 11.02.2025 sanasida bu ko‘rsatkich 15,2% ni tashkil etdi. Gelioissiqxona ichki havosi harorati mavsumiy sharoitga bog‘liq ravishda -6,0℃ dan 30,7℃ gacha o‘zgargani aniqlandi. Qish mavsumida qo‘shimcha isitish tizimiga bo‘lgan talab sezilarli darajada ortishi kuzatildi. Xulosa. Kombinatsiyalashgan isitish tizimi quyosh energiyasi va tuproqning past potensialli issiqligidan samarali foydalanish hisobiga gelioissiqxonaning energiya samaradorligini oshirish hamda barqaror mikroiqlim rejimini ta’minlash imkonini beradi.
Hali tarjima qilinmagan