OYOQ VENOZ TROFIK YARALARINI KOMPLEKS DAVOLASHNI KLINIKMORFOLOGIK ASOSLASH: MUAMMONING ZAMONAVIY HOLATI, HAL ETILMAGAN MASALALAR VA ISTIQBOLLARI
Annotatsiya
Maqolada oyoq venoz trofik yaralarini (CEAP bo'yicha C6 sinf) davolash muammosining zamonaviy holati tahliliy tarzda yoritilgan. Adabiy manbalar tahlili asosida kasallikning tibbiy-ijtimoiy ko'lami, patogenezining makrogemodinamik va to'qima darajasidagi mexanizmlari, shuningdek, yaraning «surunkali to'xtab qolgan» holatga o'tishida matriks metalloproteinazalari va ularning to'qima ingibitorlari muvozanatining buzilishi, fibroblastlar senessensiyasi va angiogenez sustlashuvining o'rni ko'rib chiqilgan. Kompression terapiya hamda yuza venalardagi patologik reflyuksni bartaraf etishning dalillarga asoslangan samaradorligi ESCHAR va EVRA randomizatsiyalangan tadqiqotlari natijalari misolida qiyosiy tahlil qilingan. Muallif mavjud yondashuvlarning asosiy cheklanishi sifatida davolash samaradorligini faqat integral klinik ko'rsatkichlar (yara yuzasi, bitish muddati, retsidivlar chastotasi) bo'yicha baholashni ko'rsatadi, chunki bu ko'rsatkichlar yara tubidagi regenerativ jarayonning sifatini aks ettirmaydi va kechiktirilgan xususiyatga ega. Shu asosda klinik, gemodinamik va morfometrik parametrlarni birlashtiruvchi «klinik-morfologik profil» konsepsiyasi, venoz trofik yaralarning uch morfologik fenotipi (nekrotik-yallig'lanish, fibroz-gipoperfuzion, regenerativ) hamda «morfologik javob bermaydigan bemor» tushunchasi taklif etilgan. Differensiallashtirilgan davolash algoritmini ishlab chiqish yo'nalishlari asoslangan.