BOG‘LANGAN GRUNTLI KANALLARDA YUVMASLIK TEZLIGINI ANIQLASH
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Ushbu maqolada bog‘langan gruntli kanallarda suv oqimining yuvmaslik tezligini aniqlash va o‘zan tubi hamda yon tomon qiyaliklarining gidravlik barqarorligini baholash usullarini takomillashtirish masalalari tadqiq etilgan. Tadqiqotning asosiy maqsadi bog‘langan gruntlarning fizik-mexanik xususiyatlari, oqimning gidrodinamik ko‘rsatkichlari va kanal ko‘ndalang kesimining geometrik parametrlarini hisobga olgan holda kritik yuvilish tezligini aniqlashning takomillashtirilgan hisoblash usulini ishlab chiqishdan iborat. Ishda gruntning birikish kuchi, agregatlarning o‘lchami, oqimning turbulent pulsatsiyalari va gidravlik qarshilikning o‘zan yuvilishiga ta’siri tahlil qilingan. Mavjud hisoblash usullari, jumladan, Mirsxulava va Borovkov tomonidan taklif etilgan yondashuvlar o‘rganilib, ularning trapetsiyasimon kanallarga tatbiq etilish xususiyatlari baholangan. Tadqiqot davomida laboratoriya sharoitida strukturasi buzilgan oltita hamda dala sharoitida olingan uchta grunt namunasidan foydalanilgan. Trapetsiyasimon kanallarning geometrik xususiyatlarini hisobga olish maqsadida Borovkov formulasiga ho‘llangan perimetrning suv sathi kengligiga nisbatini ifodalovchi qo‘shimcha parametr kiritilgan. Olingan hisoblash natijalari tajriba ma’lumotlari bilan taqqoslanib, modifikatsiyalangan formula asosida aniqlangan kritik tezlik qiymatlari dastlabki hisoblash usuliga nisbatan tajriba natijalariga yaqinroq ekanligi ko‘rsatilgan. Taklif etilgan yondashuv bog‘langan gruntli kanallarning yuvilishga chidamliligini baholash, o‘zan deformatsiyasini kamaytirish hamda irrigatsiya kanallarini gidravlik jihatdan barqaror loyihalashda amaliy ahamiyatga ega.
Hali tarjima qilinmagan