XIZMATLAR SOHASINI RIVOJLANTIRISHNING IJTIMOIY-IQTISODIY SAMARADORLIGINI BAHOLASH USULLARI TASNIFI: MARKAZLASHGAN ISSIQLIK TA'MINOTI XIZMATLARI MISOLIDA
Annotatsiya
Xizmatlar sohasi O'zbekiston iqtisodiyotining tez o'sayotgan sohalaridan biri bo'lib, uni rivojlantirishning ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini baholashda yagona uslubiy yondashuv shakllanmoqda. Ayniqsa, markazlashgan issiqlik ta'minoti kabi energiya talab qiladigan xizmatlarda iqtisodiy natija bilan bir qatorda iste'molchi uchun ijtimoiy natija ham baholanishi lozim. Maqolada samaradorlikni baholash usullari bevosita, bilvosita va aralash guruhlarga ajratilib, ularning issiqlik ta'minoti xizmatlarida qo'llanilish yo'nalishlari aniqlangan. Aralash usulning amaliy imkoniyati Sirdaryo viloyatida 166 nafar iste'molchi ishtirokida o'tkazilgan so'rovnoma ma'lumotlari asosida vaznli sifat indeksi yordamida sinovdan o'tkazildi. Indeks to'rt guruh ko'rsatkichlarini (institutsional-axborot muhiti, korxona faoliyati, iqtisodiy qulaylik va natijaviylik) birlashtiradi. Hisob-kitoblarga ko'ra, umumlashtirilgan sifat ko'rsatkichi uch ballik shkalada 2,42 ni yoki normallashtirilgan shkala bo'yicha 71,2 foizni tashkil etdi. Nisbatan past baholangan ko'rsatkichlar to'lovlarning oila byudjetiga yuki (1,59) va tarif shakllanishi haqidagi axborot (1,97) bilan bog'liq ekani aniqlandi. Xizmatga bir yildan kam vaqt oldin ulangan iste'molchilarda indeks nisbatan past (2,31) bo'ldi. Natijalar issiqlik ta'minotida samaradorlikni oshirish uchun texnik modernizatsiya bilan birga tariflar shakllanishiga oid axborot ochiqligini ta'minlash va manzilli ijtimoiy himoya mexanizmlarini rivojlantirish muhimligini ko'rsatadi. Taklif etilgan yondashuv hududiy issiqlik ta'minoti korxonalari faoliyatini monitoring qilishda qo'llanilishi mumkin.