"BOBURNOMA" TOPONIMLARINING MADANIY KONNOTATSIYASI: SEMIOTIK VA PSIXOLINGVISTIK TAHLILI
Annotatsiya
Mazkur maqolada Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" asarida qo'llangan toponimlarning madaniy konnotatsiyasi semiotik va psixolingvistik nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Tadqiqotda Andijon, Farg'ona, O'sh, Axsi, Samarqand, Kobul, Agra, Dehli va Panipat kabi geografik nomlarning asar matnidagi nominativ, emotsional-ekspressiv, tarixiy-assotsiativ va ramziy ma'nolari aniqlanadi. Toponimlarning Bobur xotirasi va ruhiy kechinmalari bilan bog'lanishi, shaxsiy va jamoaviy tarixiy xotirani shakllantirishi hamda muallifning etnik-hududiy mansubligini ifodalashdagi vazifasi yoritiladi. Tahlil natijasida "Boburnoma" toponimlarining nostalgik mazmun, siyosiy hokimiyat, temuriylik merosi, etnik-hududiy identifikatsiya va tarixiy xotira kabi asosiy konnotativ qatlamlarga ega ekanligi asoslanadi. Shuningdek, geografik nomlar Boburning "Vatan va musofirlik", "orzu va haqiqat", "yo'qotish va topish", "o'tmish va kelajak" kabi qarama-qarshi psixologik konseptlarga asoslangan shaxsiy mifologiyasini shakllantirishi ko'rsatib beriladi.