AKT SOHASI AKSIYADORLIK JAMIYATLARIDA QARZ MAJBURIYATLARINI IFRS 9 BO'YICHA KEYINGI BAHOLASH: SAMARALI STAVKA, MODIFIKATSIYA VA VALYUTA POZITSIYASI
Annotatsiya
Maqolada davlat kafolati ostida xorijiy valyutada kreditlar oluvchi AKT sohasi aksiyadorlik jamiyatlarida qarz majburiyatlarini IFRS 9 [11] standartiga muvofiq keyingi baholash uslubiyoti asoslangan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi olti holatli matritsani ishlab chiqishdan iborat bo'lib, unda qarz beruvchi va uchinchi tomon haqlari, yetkazib beruvchi tomonidan moliyalashtirish, foiz etaloni almashuvi, kreditor almashuvi va «10 foiz testi» 21-sonli BHMS [4] hisobvaraqlari hamda registrlari orqali farqlangan tartibda aks ettiriladi. Valyuta pozitsiyasi registri IFRS 7 [10] talablariga muvofiq xejirlash hisobiga tayyorgarlik jarayonidan (IFRS 9 [11, 6.4.1-band]) alohida ko'rib chiqiladi. Vazirlar Mahkamasining 547- sonli qarorida [1] nazarda tutilgan kredit shartlari asosidagi hisob-kitoblarga ko'ra, qarz beruvchi haqlari hisobga olinganda samarali stavka shartnomaviy stavkadan 0,12–0,98 foiz punktga, kafolat haqi qo'shilgan moliyalashtirish qiymati esa 0,62–1,49 foiz punktga yuqori bo'ladi. «O'zbektelekom» AKning xorijiy valyutadagi qarzlari bo'yicha soddalashtirilgan ssenariy hisob-kitobida, valyuta aktivlari hisobga olinmaganda, kursning 10 foizga o'zgarishidan yuzaga keladigan ehtimoliy ta'sir jamiyatning 2025-yilgi sof foyda ko'rsatkichidan yuqori bo'lishi mumkin.