MILLIY QONUNCHILIK VA STRATEGIK DA’VOLAR: NIMA UCHUN MAMLAKATIMIZDA STRATEGIK DA’VOLARDAN MUHOFAZA CHORALARI QABUL QILINISHI KERAK?
Annotatsiya
Hozirgi axborot asrida jamoatchilik manfaatlari yo‘lida harakat qilayotgan shaxslar va korporativ sektor o‘rtasida ziddiyat va qarama-qarshiliklarning yuzaga kelishi tabiiy holdir. Ayniqsa, atrof-muhitni muhofaza qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda boshqaruvda shaffoflikni ta’minlash masalalarida bunday qarama-qarshiliklar tez-tez kuzatiladi. Ushbu jarayonlarda jamoatchilik manfaatlari yo‘lida faoliyat yuritayotgan shaxslar ko‘pincha jiddiy bosim va qarshiliklarga duch keladilar. Bunday holatlarda korporativ sektor strategik da’vo arizalari orqali ularning faoliyatini cheklashga harakat qilishi mumkin. Natijada fuqarolarning so‘z erkinligi va samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish imkoniyatlari cheklanadi, bu esa qonun ustuvorligi va demokratik tamoyillarga putur yetkazadi hamda demokratik tizimning samarali faoliyat yuritishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, bir qator xorijiy davlatlar qonunchiligida strategik da’volarga qarshi muhofaza choralari joriy etilgan. Mazkur choralarning asosiy maqsadi – sudlarga haqiqiy huquqlarni amalga oshirish va himoya qilishga qaratilgan da’volarni asossiz hamda yetarli darajada asoslantirilmagan da’vo arizalardan ajratib olishda ko‘maklashishdan iborat. Ushbu maqolada sudlar tomonidan korporativ sektor kiritadigan strategik da’vo arizalarini ko‘rib chiqish masalalari, xususan, huquqiy vositalar yetarli darajada aniq belgilanmagan vaziyatlarda qanday yondashuvlar qo‘llanishi zarurligi ilmiy-nazariy tahlil, xalqaro standartlar va xorijiy tajriba asosida yoritiladi. Shuningdek, milliy qonunchilikda strategik da’vo arizalaridan muhofaza qilish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari suriladi.