QO‘TIRBULOQ-O‘RTADAN SO‘NGGI PALEOLITGA O‘TISH MAKONI
Litsenziya: cc-by-nc-nd
Annotatsiya
Maʼlumki, 1971-yilda Y.F. Buryakov rahbarligidagi O‘rta Zarafshon arxeologik guruhi tomonidan Qo‘tirbuloq va Zirabuloq topilmajoylari aniqlangan. Qo‘tirbuloq yodgorligi 1971–1972-yil mavsumida N. X. Toshkenboyev tomonidan o‘rganilgan. Mustaqillik davrida Qo‘tirbuloq yodgorligida O‘zbekiston–Polsha (1994-1995 yillar), O‘zbekiston-Rossiya (2002 yilda) xalqaro hamkor ekspedisiyalari tomonidan tadqiqotlar amalga oshirilgan.Ushbu maqolada Qo‘tirbuloq yodgorligi materiallari asosida o‘rtadan so‘nggi paleolitga o‘tish jarayonlarining o‘ziga xos xususiyatlari tahlil qilinadi. Ushbu yodgorlikda qayd etilgan jarayonlar Markaziy Osiyo hududida o‘rtadan so‘nggi paleolitga o‘tish bosqichiga mansub boshqa paleolit yodgorliklar (Obirahmat,Yutashsoy, Xudji) bilan bir qator muhim texnik-tipologik ko‘rsatgichlar bo‘yicha umumiylik kasb etadi. Mazkur holat Qo‘tirbuloq industriyasini yagona yevrosiyo ssenariysi (modeli) doirasida ko‘rib chiqish imkonini beradi.Qo‘tirbuloq yodgorligidan aniqlangan tosh buyumlar majmuasi texnik-tipologik tahlil asosida tasniflandi hamda o‘rtadan so‘nggi paleolitga o‘tishga xos belgilarni aks ettiruvchi buyumlar ajratib olindi. Jumladan, prizmasimon, konussimon va yonlanma (torsovыy) nukleuslar, kesgichlar, iskanasimon qurollar, karane tipidagi qirg‘ichchalar, shuningdek uzun plastinalar va plastinkalarning mavjudligi ushbu yodgorlik industriyasida so‘nggi paleolitga xos texnologik unsurlarning shakllana boshlaganidan dalolat beradi.