QADIMGI POP YODGORLIGI TOPILMALARI MISOLIDA FARGʻONA VODIYSINING AYRIM TURDAGI SOPOL IDISHLARI
Litsenziya: cc-by-nc-nd
Annotatsiya
Maqolada Fargʻona vodiysining Pop tumanida aniqlangan ayrim sopol idishlarning ilmiy oʻrganilishi va ularning tarixiy-madaniy ahamiyati haqida batafsil maʼlumot beriladi. Asosan sopol idishlarning turi, ularning ishlab chiqarilish texnikasi, davrlashtirilishi va boshqa hududlar bilan oʻzaro aloqalari oʻrganilgan. Arxeologiyada sopol idishlar koʻp hollarda madaniy qatlamlarning aniqlanishi va davrlashtirilishi uchun asosiy manbalardan biri hisoblanadi. Fargʻona vodiysining oʻrta asrlar davri sopol idishlarni oʻrganishda A. N. Bernshtam, N. G. Gorbunova, G. A. Brikina, A. A. Anarbayev, B. X. Matboboyev kabi olimlarning tadqiqotlarini alohida qayd etish lozim. Lekin ilk oʻrta asrlar kulolchilik mahsulotlari bilan bogʻliq yangi maʼlumotlar zamonaviy texnologiyalar, jumladan radiokarbon tahlillari va boshqa fanlararo yondashuvlar yordamida toʻliq oʻrganilmagan. Tadqiqot ishiga tortilgan sopol idishlar Fargʻona vodiysining Pop, Munchoqtepa, Temirqasmoqtepa kabi yodgorliklarida aniqlangan boʻlib, ular Oʻzbekistonning ilk oʻrta asrlar davridagi turli madaniyatlari oʻrtasidagi aloqalarni koʻrsatib beradi. Bu yodgorliklardan topilgan idishlar asosan sharshimon va oval shakllar bilan ajralib turadi, baʼzilarida joʻmrak qismlari ham mavjud boʻlib, sopol idishlarning shakli va bezaklari Fargʻona vodiysining Sugʻd, Baqtriya, Choch va Yettisuv kabi hududlar oʻrtasidagi aloqalarini koʻrsatadi.Ushbu topilmalar Fargʻona vodiysining ilk oʻrta asrlardagi madaniyati haqida muhim maʼlumotlarni taqdim etib, hududning boy arxeologik merosini oʻrganish imkonini beradi. Arxeologik tadqiqotlarni davom ettirish va yangi texnologiyalarni jalb qilish orqali mazkur yodgorliklar haqida yanada chuqurroq maʼlumotlarni, yangi bilimlarni olish mumkin.