TURLI ETIOLOGIYALI JIGAR SIRROZIDA SARKOPENIYA MAVJUD VA U BO‘LMAGAN BEMORLARDA UMUMIY QON TAHLILI KO‘RSATKICHLARI
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Sarkopeniya – mushak massasi va kuchining progressiv kamayishi bilan kechuvchi holat bo‘lib, jigarning surunkali diffuz kasalliklarida, xususan jigar sirrozida (JS) keng tarqalgan. Tadqiqot maqsadi – turli etiologiyali jigar sirrozida sarkopeniya mavjud va u bo‘lmagan bemorlarda umumiy qon tahlili ko‘rsatkichlarini solishtirma baholash. Materiallar va usullar. Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasining 4-terapiya bo‘limida davolangan turli etiologiyali (virusli gepatit B, virusli gepatit C, alkogolli) jigar sirrozi bilan kasallangan 260 nafar bemor hamda 40 nafar sog‘lom shaxs (nazorat guruhi), jami 300 nafar tekshirildi. Bemorlar etiologik omilga ko‘ra uch guruhga, sarkopeniya mavjudligiga ko‘ra esa kichik guruhlarga ajratildi; barchasida umumiy qon tahlili o‘rganildi. Natijalar. Har uchchala asosiy guruhda gemoglobin, eritrotsitlar va trombotsitlar miqdori nazorat guruhiga nisbatan ishonchli past, eritrotsitlar cho‘kish tezligi (EChT) esa ishonchli yuqori bo‘ldi (p<0,001). Sarkopeniya mavjud kichik guruhlarda gemoglobin darajasi sarkopeniyasiz kichik guruhlarga nisbatan ishonchli past (p<0,05), EChT esa yuqori (p<0,01) bo‘ldi. EChT ning eng yuqori qiymati virusli gepatit C etiologiyali JS va sarkopeniya bilan kechgan 2a-kichik guruhda qayd etildi. Xulosa. Turli etiologiyali jigar sirrozida umumiy qon tahlili kamqonlik, trombotsitopeniya va yallig‘lanish faolligi belgilarini aks ettiradi; sarkopeniya ushbu o‘zgarishlarning chuqurlashishi bilan bog‘liq.