SO‘NGGI YILLARDA YANGIBOZOR TAJRIBA-SINOV OBSERVATORIYASI LABORATORIYASIDA YER OSTI SUVLARI SATHINING O‘ZGARISHI
Annotatsiya
Ushbu maqolada Yangibozor tajriba-sinov observatoriyasi laboratoriyasi hududidagi 4-sonli quduqda yer osti suvlari sathining 2020–2025-yillardagi o‘zgarishlari tahlil qilingan. Chuqurligi 140 m bo‘lgan quduqda yer osti suvlari sathi 2018-yildan boshlab muntazam ravishda kuzatib kelinmoqda. Tadqiqotda suv sathining sutkalik va yillik o‘zgarishlari, uning ko‘tarilish va pasayish davrlari hamda atmosfera yog‘inlari bilan bog‘liqligi o‘rganilgan. Natijalarga ko‘ra, suv sathi yil davomida muntazam tebranib turgan bo‘lib, ayrim kunlarda 0,2–0,42 m gacha bo‘lgan sezilarli o‘zgarishlar qayd etilgan. 2022 va 2024-yillarda yog‘ingarchilikning nisbatan ko‘pligi suv sathining ko‘tarilish davrlari bilan mos kelgan, 2025-yilda esa uzoq davom etgan quruq davr suv sathining pasayishi bilan birga kechgan. Tadqiqot natijalari atmosfera yog‘inlari yer osti suvlari dinamikasiga ta’sir qiluvchi muhim tabiiy omillardan biri ekanligini ko‘rsatadi. Uzoq muddatli monitoring ma’lumotlari hududdagi yer osti suvlari sathining tabiiy fon holatini aniqlash va kelgusida anomal o‘zgarishlarni ajratib olish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.