QISHLOQ XOʻJALIGIDA IQLIM OʻZGARISHIGA MOSLASHUV JARAYONLARIDA YASHIL INNOVATSIYALARDAN FOYDALANISHNING IQTISODIY SAMARADORLIKKA TAʼSIRI
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Maqolada qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga moslashuv jarayonida qoʻllanilayotgan yashil innovatsiyalarning iqtisodiy samaradorligi baholandi. Tomchilatib sugʻorish, lazerli tekislash va qurgʻoqchilikka chidamli navlar boʻyicha Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda oʻtkazilgan dala tajribalari hamda xalqaro tadqiqotlar natijalari yagona koʻrsatkichlar tizimida solishtirildi. Suv mahsuldorligi, foyda-xarajat nisbati va sof joriy qiymat formulalari asosida bir gektar hisobida baholash amalga oshirildi. Foyda-xarajat nisbati lazerli tekislashda 1,30-1,37 ni, tomchilatib sugʻorishda 1,31-1,35 ni tashkil etgani, suv mahsuldorligi mos ravishda 1,6-1,9 va 2,1-2,9 baravar oshgani aniqlandi. Texnologiyalar foydasi 23-27 foizga kamayganda ham zararsiz qolishi koʻrsatildi. Suv tejovchi texnologiyalar qamrovining kengayishi milliy darajadagi natijalar bilan bogʻlandi. Tejalgan suvni hisobga olish va limitlash mexanizmi bilan uygʻunlashtirilgan ragʻbatlantirish tizimi taklif etildi. Tahlil xalqaro taqriz qilinadigan jurnallardagi dala tajribalari, rasmiy statistika va meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga tayandi.