RAQAMLI TA’LIM MUHITIDA METAKOGNITIV KOMPETENTLIKNI RIVOJLANTIRISH IMKONIYATLARI VA PEDAGOGIK MUAMMOLAR
Annotatsiya
Raqamli texnologiyalarning ta’lim jarayoniga chuqur kirib borishi ta’lim oluvchining bilimni o‘zlashtirish usullarini o‘zgartirish bilan birga, uning o‘z bilish faoliyatini rejalashtirish, monitoring qilish, boshqarish va baholashiga qo‘yiladigan talablarni ham kuchaytirmoqda. Mazkur maqolada raqamli ta’lim muhitining metakognitiv kompetentlikni rivojlantirish imkoniyatlari va ushbu jarayonda yuzaga keladigan pedagogik muammolar zamonaviy ilmiy tadqiqotlarning integrativ tahlili asosida o‘rganildi. Tadqiqotda metakognitiv promptlar, raqamli o‘quv muhitlari, adaptiv ta’lim texnologiyalari, raqamli refleksiya va generativ sun’iy intellekt bilan bog‘liq tadqiqotlar tahlil qilindi. Natijalar raqamli muhitning metakognitiv kompetentlikni rivojlantirish uchun to‘rt asosiy imkoniyatini ko‘rsatdi: metakognitiv promptlar orqali rejalashtirish va monitoringni faollashtirish; real faoliyat izlari asosida feedback va learning analyticsni qo‘llash; adaptiv va individuallashtirilgan yordamni tashkil etish; refleksiya va o‘z-o‘zini baholashni raqamli vositalar orqali tizimlashtirish. Shu bilan birga, texnologiyaning o‘zi metakognitiv kompetentlikni avtomatik ravishda shakllantirmasligi, raqamli muhitda kognitiv yuklama, texnologik qaramlik, o‘zini boshqarishdagi zaiflik, raqamli tengsizlik, learning analytics ma’lumotlarining interpretatsiyasi hamda generativ sun’iy intellektning ta’lim oluvchining mustaqil nazorat faoliyatini susaytirishi kabi muammolar mavjudligi aniqlandi.