YANGI LOGISTIKA MARKAZI ORQALI YUK TASHISHNING TEXNIK-IQTISODIY ASOSLARI
Annotatsiya
Maqolada Farg'ona viloyatining Yozyovon tumanida tashkil etilishi rejalashtirilgan logistika markazining texnik-iqtisodiy asoslari ko'rib chiqilgan. Tumanda 2025-yilda 76 071 tonna don yetishtirilgani hududda agro-yuklarni qabul qilish va qayta ishlashga ixtisoslashgan logistika markazini tashkil etishning maqsadga muvofiqligini ko'rsatadi. 60 tonna bug'doydan iborat hisobiy yuk misolida Yozyovondan Qo'qon, Marg'ilon, Axtachi va Rouston logistika markazlariga avtomobil transportida, shuningdek, Shahrixon orqali Asakaga multimodal usulda tashish xarajatlari qiyosiy baholandi. Bir tonna yukni tashish xarajati 68 152 so'mdan 110 746 so'mgacha o'zgarishi, uning qariyb yarmi masofaga bog'liq bo'lmagan terminal amallariga to'g'ri kelishi aniqlandi. Markazni ikki bosqichda qurish asoslandi va birinchi bosqich uchun 3 ga maydon, 200 ming t/yil quvvat hamda 4,05 mln AQSh dollari miqdoridagi kapital qo'yilma belgilandi. 2027–2035-yillarda jami sof foyda 85,57 mlrd so'mni, investitsiyaning o'zini oqlash muddati esa 7,18 yilni tashkil etadi.