NEFT-GAZ KOMPANIYASIDA STRATEGIK AXBOROT TA'MINOTINI RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR ASOSIDA TAKOMILLASHTIRISH
Annotatsiya
Maqolada neft-gaz kompaniyasida strategik axborotni yig'ish va undan boshqaruv qarorlarida foydalanish tizimini raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirish masalasi tadqiq etilgan. Mavzuning dolzarbligi operatsion axborot tizimlari shakllangan bo'lsa-da, strategik axborotning kechikishi va tarqoqligi bilan izohlanadi. Tadqiqotda tizimli yondashuv, qiyosiy tahlil, guruhlash va ekspert baholash usullaridan foydalanilgan, empirik baza sifatida «Muborak gazni qayta ishlash zavodi» ma'lumotlari olingan. Natijada strategik axborotning to'rt guruhli tasnifi, axborot manbalari holatining bahosi, strategik axborot tizimining uch qatlamli arxitekturasi va strategik axborot ta'minoti markazini joriy etish bo'yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Taklif etilgan tadbirlar 0,68- 1,08 mlrd so'm kapital xarajat evaziga qaror qabul qilish vaqtini 4-8 soatdan 30 daqiqagacha qisqartirish va yiliga 0,60-1,0 mlrd so'm iqtisodiy tejamga erishish imkonini beradi.