O‘ZBEK TERMINOLOGIYASIDA O‘ZLASHMA TERMINLARNING SEMANTIK VA STRUKTUR XUSUSIYATLARI
Annotatsiya
Mazkur maqolada o‘zbek terminologik tizimida qo‘llanayotgan o‘zlashma terminlarning semantik va struktur xususiyatlari lingvistik nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. O‘zbek tili terminologiyasining shakllanishida arab, fors-tojik, rus va Yevropa tillaridan o‘zlashgan terminlarning o‘rni, ularning semantik moslashuvi hamda o‘zbek tilining morfologik tizimiga integratsiyalashuvi masalalari yoritiladi. Tadqiqotda o‘zlashma terminlar sodda, yasama, qo‘shma va ko‘p komponentli birliklar sifatida tasniflanib, ularning terminlashuv, semantik torayish, kengayish, metaforizatsiya va kalkalash jarayonlari bilan aloqasi ko‘rsatiladi. Shuningdek, terminlarning o‘zbek tilida affikslar yordamida yangi derivativ birliklar hosil qilish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Tadqiqot natijalari o‘zlashma terminlarni milliy terminologik tizimga moslashtirish, ularni standartlashtirish va izohli lug‘atlarda ilmiy asosda aks ettirish zarurligini ko‘rsatadi.