LAVLAGIDAN AJRATILGAN FUSARIUM OXYSPORUM ZAMBURUG‘INING KULTURAL-MORFOLOGIK XUSUSIYATLARI VA PATOGENLIGI
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Maqolada lavlagi (Beta vulgaris L.) o‘simligidan ajratilgan Fusarium oxysporum zamburug‘ining kultural-morfologik xususiyatlari va patogenligini o‘rganish natijalari keltirilgan. Tadqiqotlar laboratoriya sharoitida olib borilib, kasallik belgilari kuzatilgan lavlagi o‘simliklaridan zamburug‘ning sof kulturasi ajratib olingan va kartoshkali dekstrozali agar (KDA) oziqa muhitida o‘stirilgan. Koloniyaning tashqi ko‘rinishi, mitseliyning rivojlanishi, pigmentatsiya xususiyatlari hamda mikro- va makrokonidiyalarning morfologik belgilari tahlil qilingan. Zamburug‘ koloniyasida oqish rangli zich havo mitseliysi va och pushtidan pushti-binafsha tusgacha bo‘lgan pigmentatsiya kuzatilgan. Mikroskopik tahlilda oval-ellipssimon mikrokonidiyalar va egilgan, o‘roqsimon makrokonidiyalar aniqlangan. Ajratilgan izolyatning patogenligi Kox postulatlari asosida sun’iy zararlantirish tajribasida baholangan. Inokulyatsiya qilingan lavlagi o‘simliklarida fuzariozga xos belgilar namoyon bo‘lgan, nazorat variantida esa kasallik belgilari kuzatilmagan. Zararlangan o‘simliklardan zamburug‘ning qayta ajratib olinishi izolyatning patogenligini tasdiqlagan. Olingan natijalar lavlagi fuzariozini laboratoriya sharoitida tashxislash va mahalliy patogen izolyatlarni o‘rganish uchun ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Hali tarjima qilinmagan