SUV TEJOVCHI TEXNOLOGIYALAR SAMARADORLIGINI BAHOLASH BO'YICHA XORIJIY VA MILLIY ILMIY YONDASHUVLAR TAHLILI
Annotatsiya
Mazkur maqolada suv tejovchi texnologiyalar samaradorligini baholashning nazariy-metodologik asoslari, xorijiy ilmiy maktablarda shakllangan konseptual yondashuvlar hamda O'zbekiston sharoitida qo'llanilayotgan baholash amaliyoti qiyosiy va ilmiy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini faqat texnik tejamkorlik ko'rsatkichlari asosida aniqlash yetarli emasligi, balki iqtisodiy natijadorlik, ekologik barqarorlik, institutsional boshqaruv va resurslardan foydalanishning hududiy xususiyatlarini o'zaro bog'liq tizim sifatida baholash zarurligi ilmiy jihatdan asoslanadi. Xorijiy tadqiqotlarda qo'llanilayotgan suv balansi, suvdan foydalanish samaradorligi, xarajatlar va natijalar tahlili, investitsiyaviy samaradorlik, hayotiy siklni baholash hamda suvdan foydalanishdagi qayta o'sish effektiga asoslangan yondashuvlarning afzalliklari va metodologik cheklovlari aniqlangan. O'zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni baholashning amaldagi yo'nalishlari xalqaro ilmiy yondashuvlar bilan taqqoslanib, ularni takomillashtirishning ustuvor yo'nalishlari belgilab berilgan. Mualliflik yondashuvi sifatida suv tejovchi texnologiyalar samaradorligini texnik-texnologik, iqtisodiy, ekologik, institutsional va ijtimoiy mezonlar asosida kompleks baholashning ko'p darajali konseptual modeli taklif etilgan. Ushbu model suv tejashning hisoblangan texnik hajmi bilan suv resurslarining amalda saqlanib qolgan miqdorini farqlash, investitsiyalarning uzoq muddatli natijadorligini aniqlash va suv xo'jaligi siyosati qarorlarini ilmiy asoslashga xizmat qiladi.