BUXORO VOHASI O‘TLOQI-ALLYUVIAL TUPROQLARINING UMUMIY FIZIKAVIY XOSSALARIGA TURLI ISHLOV BERISH TEXNOLOGIYALARINING TA’SIRI
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Ushbu maqolada Buxoro viloyati Romitan tumani Xalqobod massivi va Buxoro tumani O‘zbekiston massividagi sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlarda an’anaviy ishlov berish va No-till texnologiyasining tuproqning umumiy fizikaviy xossalariga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha 2023–2025 yillarda olib borilgan tadqiqot natijalari keltirilgan. Bug‘doy ekishdan keyin va vegetatsiya oxirida tuproqning 0–10, 10–30 va 30–50 sm qatlamlarida solishtirma og‘irlik piknometr usulida, hajm og‘irligi (zichlik) silindr usulida aniqlanib, umumiy g‘ovaklik hisoblash yo‘li bilan topildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, bug‘doy ekishdan keyin variantlar o‘rtasidagi farq kichik bo‘lgan, vegetatsiya oxiriga kelib esa an’anaviy ishlov berishda tuproq qayta zichlashgan. No-tillda 0–10 sm qatlamda tuproqning hajm og‘irligi an’anaviy ishlov berishga nisbatan 0,07–0,09 g/sm³ ga kam (1,31–1,34 g/sm³), umumiy g‘ovaklik esa 2,5–2,9 % ga yuqori (49,2–50,0 %) bo‘ldi. No-tillning ijobiy ta’siri chuqurroq qatlamlarda ham kuzatildi, Buxoro tumanida u ayniqsa 30–50 sm qatlamda yaqqol namoyon bo‘ldi. Olingan natijalar No-till texnologiyasi tuproqning zichlanishini cheklab, ildiz tizimining rivojlanishi va suv-havo rejimi uchun qulay sharoit yaratishini ko‘rsatadi.