Alyuminiy va polikarbonat materiallari asosidagi issiqlik kollektori bilan sovitiluvchi fotoelektrik-issiqlik modullarining elektr issiqlik parametrlarini taqqoslash
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Fotoelektrik (FE) modullarda ish jarayonida yuzaga keladigan yuqori harorat ularning elektr samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi hamda fotoelektrik texnologiyalarni yanada takomillashtirish jarayonida muhim muammolardan biri hisoblanadi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida turli sovutish strategiyalari taklif etilgan boʻlsa-da, ularning aksariyati sovutish muhiti bilan FE moduli yuzasi oʻrtasidagi issiqlik almashinuvi yetarli darajada samarali tashkil etilmagani sababli kutilgan natijani bermayapti. Ushbu tadqiqotda alyuminiy va polikarbonat materiallardan tayyorlangan kollektorlar orqali suv aylantirish yoʻli bilan FE modulining orqa sirtini sovitish jarayonining elektr va issiqlik koʻrsatkichlariga ta’siri eksperimental ravishda oʻrganildi. Shuningdek, FE moduli sovitish kollektor tizimi hamda quyosh nurlanishini konsentrlovchi reflektorlar bilan jihozlanib, koʻchma mobil tizim shaklida ishlab chiqildi. Taklif etilgan mobil fotoelektrik-issiqlik (MFEI) tizimining samaradorligini baholash maqsadida alyuminiy va polikarbonat materiallardan tayyorlangan kollektorlar yordamida sovitish sharoitida tajribaviy sinovlar oʻtkazildi hamda olingan natijalar asosida elektr va issiqlik samaradorlik koʻrsatkichlari tahlil qilindi.