EKOLOGIK TA’LIMDA ADAPTIV RAQAMLI PLATFORMANING DIDAKTIK MODELI: «EKOMUN» MISOLIDA
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Dolzarbligi. Ekologik ta’lim bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar bilim berishning o‘zi xulq-atvorni o‘zgartirishga yetmasligini ko‘rsatadi: faol o‘qitish, takroriy esga olish va amaliy tajriba zarur. O‘zbek tilida bu tamoyillarni yagona tizimda birlashtirgan raqamli muhit yetarli emas. Maqsad. «Ekomun» adaptiv ekologik ta’lim platformasining didaktik modelini ishlab chiqish, uning mazmunini miqdoriy tahlil qilish va 25 nafar foydalanuvchida o‘tkazilgan pilot sinov orqali qo‘llanish imkoniyatini baholash. Metodlar. Dizaynga asoslangan tadqiqot; 25 kurs va 595 darsning to‘liq kontent-tahlili (Blum taksonomiyasi darajalari, dars tarkibiy qismlari); interfaol metodlarni pedagogik vazifasi bo‘yicha tasniflash; 25 nafar ishtirokchida platformaning foydalanish ko‘rsatkichlari asosida pilot sinov. Natijalar. O‘n bir tarkibiy qismdan iborat dars modeli taklif etildi. Darslarning 99,2 % ida o‘quv maqsadi, 97,8 % ida hayotiy savol, 100 % ida formativ test mavjud. Oliy ta’lim bosqichida Blum darajasi belgilangan 515 darsning 37,1 % i yuqori tartibli tafakkurga (tahlil, baholash, yaratish) qaratilgan. Platformada 2 023 ta test topshirig‘i, 3 047 ta tayanch atama, 104 ta krossvord, 20 ta tajribali 3D virtual laboratoriya, bilimni kuzatish (BKT) va SM-2 takrorlash algoritmlari ishlaydi. Pilot sinovda (n = 25: 10 nafar maktab o‘quvchisi va 15 nafar talaba) talabalar 6 ta, maktab o‘quvchilari 3 ta kursni to‘liq tugatdi, 6 ta sertifikat olindi; ishtirokchilar platformadan kuniga o‘rtacha 30 daqiqa foydalandi. Xulosa. Taklif etilgan model faol o‘qitish, esga olish amaliyoti va virtual tajriba tamoyillarini o‘zbek tilidagi ekologik ta’limda tizimli birlashtiradi va amaliy qo‘llash uchun yaroqli. O‘quv natijalariga ta’sirini aniqlash uchun nazorat guruhli tajriba rejalashtirildi.