MINTAQANING INVESTITSION SALOHIYATIDAN FOYDALANISH SAMARADORLIGINI STATISTIK BAHOLASH VA EKONOMETRIK MODELLASHTIRISH METODIKASINI TAKOMILLASHTIRISH
Annotatsiya
Mintaqalarning investitsion salohiyatidan foydalanish samaradorligini baholashga qaratilgan takomillashtirilgan to'rt bosqichli metodika ishlab chiqilgan. Mazkur metodika investitsion salohiyat ko'rsatkichlarini barcha hududlar va yillarni qamrab olgan panel ma'lumotlari bo'yicha yagona standartlashtirish, asosiy komponentlar tahlili (PCA) yordamida vaqt bo'yicha taqqoslanadigan integral indeksni shakllantirish, integral indeks bilan amaldagi investitsiyalar o'rtasidagi bog'liqlikni panel regressiya asosida baholash hamda samaradorlikni doimiy (tarkibiy) va joriy komponentlarga ajratishni nazarda tutadi. Tadqiqotda O'zbekistonning 14 ta hududi bo'yicha 2011–2025-yillarga oid 210 ta kuzatuvdan iborat panel ma'lumotlaridan foydalanilgan. Hisob-kitoblar Python dasturlash muhitida NumPy va SciPy kutubxonalari yordamida amalga oshirilgan. Hausman testi natijalariga ko'ra tanlangan qat'iy effektli model integral indeksning bir birlikka oshishi hududning xorijiy investitsiyalar va kreditlar umumiy hajmidagi ulushi o'rtacha 4,7 baravar yuqori bo'lishi bilan bog'liqligini ko'rsatgan. Biroq modelga yil effektlari kiritilganda ushbu bog'liqlikning kuchi pasayishi aniqlangan. Hududlar kesimidagi tahlil natijalariga ko'ra, doimiy samaradorlik ko'rsatkichlari Qashqadaryo, Namangan va Buxoro viloyatlarida nisbatan yuqori, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida esa nisbatan past darajada shakllangan.