ALISHER NAVOIY VA DANTE ALIGYERI IJODIDA KOMIL INSON KONSEPSIYASINING QIYOSIY TAHLILI.
Annotatsiya
Mazkur maqolada Sharq va G'arb adabiy-falsafiy tafakkurining yirik namoyandalari Alisher Navoiy hamda Dante Aligyeri ijodida komil inson konsepsiyasining shakllanishi, badiiy talqini va mazmun-mohiyati qiyosiy-tipologik jihatdan tadqiq etiladi. Har ikki ijodkorning adabiy merosida insonning ma'naviy kamolotga erishishi, axloqiy poklanishi, ezgulik va haqiqat sari intilishi, ilohiy muhabbat orqali ruhiy yuksalishi masalalari muhim o'rin egallaydi. Xususan, Alisher Navoiyning «Xamsa» turkumiga kiruvchi dostonlari, jumladan, «Hayrat ul-abror», «Farhod va Shirin», «Sab'ai sayyor», shuningdek, «Lison ut-tayr» asarida ilgari surilgan komil inson haqidagi qarashlar Dantening «Ilohiy komediya» asarida ifodalangan ma'naviy kamolot g'oyalari bilan qiyosiy tahlil qilinadi. Tadqiqot jarayonida ikki ijodkorning inson mohiyati, ruhiy poklanish, adolat, ezgulik, muhabbat, vijdon va ma'naviy mas'uliyat haqidagi qarashlari badiiy-falsafiy nuqtayi nazardan o'rganiladi. Shuningdek, Navoiyning tasavvufiy-irfoniy qarashlari hamda Dantening o'rta asr xristian teologiyasi va falsafiy tafakkuri bilan bog'liq konseptual yondashuvlari asosida komil inson idealining mushtarak va farqli jihatlari ochib beriladi. Har ikki ijodkor asarlarida insonning ma'naviy takomilga erishish jarayoni, uning nafs, jaholat, gunoh va turli ruhiy to'siqlardan xalos bo'lish yo'lidagi intilishi badiiy obrazlar, ramzlar, timsollar hamda falsafiy mushohadalar vositasida namoyon bo'lishi tahlil etiladi. Maqolada Sharq va G'arb adabiyotida komil inson obrazining badiiy-estetik xususiyatlari, uning umuminsoniy qadriyatlar bilan uzviy aloqasi hamda ikki adabiy maktabning insonparvarlik tamoyillari yoritiladi. Qiyosiy tahlil natijasida Navoiy va Dante ijodida komil inson konsepsiyasining umumiy ma'naviy asoslari bilan bir qatorda, ularning shakllanishiga ta'sir ko'rsatgan milliy, diniy, falsafiy va madaniy omillarning o'ziga xos xususiyatlarini aniqlash ko'zda tutiladi. Tadqiqot Sharq va G'arb adabiy tafakkurida inson kamoloti masalasining badiiy talqinini chuqurroq anglash, ikki buyuk ijodkor merosidagi mushtarak gumanistik g'oyalarni ochib berish hamda qiyosiy adabiyotshunoslikning nazariy asoslarini boyitishga xizmat qiladi.
Hali tarjima qilinmagan