PAXTA TERISH MASHINALARINI MAHALLIY ISHLAB CHIQARISHNING TEXNIK-IQTISODIY SAMARADORLIGI: KOST-INJINIRING YONDASHUVI
Annotatsiya
Maqolada Oʻzbekistonda paxta terimini mexanizasiyalash darajasi oshib borayotgan sharoitda paxta terish mashinalarini mahalliy ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy samaradorligi kost-injiniring yondashuvi asosida tahlil qilingan. Tadqiqotda 2021–2025-yillar (ayrim koʻrsatkichlar boʻyicha 2026-yil rejalari) uchun normativ-huquqiy hujjatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy materiallari, Statistika agentligi (stat.uz), Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi ma'lumotlari, xalqaro tashkilotlar hisobotlari hamda xorijiy va mahalliy olimlarning ishlari umumlashtirilgan. Xarajatlarni baholashda Cost Breakdown Structure (CBS), Life Cycle Cost (LCC), Total Cost of Ownership (TCO), xarajat drayverlari tahlili va ssenariyli sezgirlik tahlilidan foydalanildi. Paxta terimini mexanizasiyalash darajasi 2021 yildagi 15 foizdan 2025-yilda 52 foizga oshgani, qoʻlda terim tarifi 1 kg uchun 1 200 soʻmdan 2 000–2 500 soʻmgacha koʻtarilgani aniqlandi. Xalqaro etalon ma'lumotlarga koʻra, mashina bilan terimning 1 gektarga toʻgʻri keladigan xarajatida doimiy (egalik) xarajatlar ulushi 71,6 foizni tashkil etadi. Hisob-kitoblar mahalliylashtirish hisobiga mashina narxining 13,7 foizga pasayishi ishonchlilik saqlangan holda 1 gektar xarajatini 9,8 foizga kamaytirishini, ta'mirlash xarajatlari 1,5 baravar oshganda esa bu samara 2,3 foizgacha qisqarishini koʻrsatdi. Maqola yakunida mahalliylashtirish samaradorligini hayotiy sikl xarajatlari va ishonchlilik koʻrsatkichlari orqali baholashga qaratilgan takliflar ishlab chiqilgan.