GENERATIV SUN’IY INTELLEKT DISKURSIDA PROMPT VA FEEDBACK TERMINLARINING INGLIZCHA VA O‘ZBEKCHA TALQINLARI
Annotatsiya
Maqolada generativ sun’iy intellekt vositasida til o‘qitish diskursida qo‘llanadigan prompt va feedback terminlarining leksik-semantik hamda diskursiv xususiyatlari inglizcha tushunchalar va ularning taklif etilayotgan o‘zbekcha muqobillari asosida tahlil qilinadi. Tadqiqotning maqsadi mazkur terminlarning texnologik va lingvodidaktik mazmunini ajratish, tarjimada yuzaga keladigan semantik torayishni tushuntirish va kontekstga mos termin tanlash mezonlarini ishlab chiqishdan iborat. Material sifatida terminologiya nazariyasiga oid ilmiy ishlar, generativ sun’iy intellektning til ta’limidagi imkoniyatlariga bag‘ishlangan tadqiqotlar hamda muallif tuzgan ikki tilli tahliliy misollar olinadi. Konseptual, komponent va pragmatik tahlil usullari qo‘llanadi. Prompt atamasini faqat savol, feedback atamasini esa faqat baho orqali ifodalash tegishli tushunchalarning muhim belgilarini yo‘qotishi ko‘rsatiladi. Prompt uchun adresat, vazifa, kontekst va javobga qo‘yilgan cheklovlar; feedback uchun baholash obyekti, mezon, izoh va keyingi harakat alohida tahlil o‘lchovlari sifatida taklif etiladi.
Hali tarjima qilinmagan