SUGʻURTALOVCHILARNING TOʻLOV QOBILIYATI NORMATIVI: MILLIY TALABLAR VA SOLVENCY II / ICS STANDARTLARINING QIYOSIY TAHLILI
Annotatsiya
Maqolada Oʻzbekistonda sugʻurtalovchilarning toʻlov qobiliyatini tartibga soluvchi milliy talablar Yevropa Ittifoqining Solvency II tizimi va Sugʻurta nazorati xalqaro assotsiatsiyasining 2024-yilda qabul qilingan Xalqaro kapital standarti (ICS) bilan uch ustun – miqdoriy talablar, boshqaruv va nazorat, oshkoralik boʻyicha 17 ta element kesimida qiyoslangan. Milliy tizimning xalqaro standartlarga muvofiqlik darajasi 34 balldan 13 ball (38 foiz) deb baholandi. 2025-yil ma'lumotlari boʻyicha umumiy sugʻurtada mukofotlarning 20 foizi miqdoridagi normativ marja 2,75 trln soʻmni, Solvency II mukofot tavakkalchiligi koeffitsiyentlari boʻyicha hisoblangan koʻrsatkich esa 4,82 trln soʻmni (diversifikatsiyasiz, 1,75 baravar) tashkil etishi aniqlandi. Eng katta farq bozor mukofotlarining 28 foizini tashkil etuvchi kredit sugʻurtasiga toʻgʻri keladi. Tavakkalchilikka asoslangan toʻlov qobiliyati tizimiga bosqichma-bosqich oʻtish yoʻl xaritasi taklif etilgan.