TURIZM YORDAMCHI HISOBI OGʻIRLIKLARIGA ASOSLANGAN TURIZM NARX INDEKSI: HISOBLASH USLUBI VA OʻZBEKISTON TAJRIBASI
Annotatsiya
Maqolada iste'mol narxlari indeksi aholi iste'mol savatiga asoslangani sababli turistlar duch keladigan narx oʻzgarishlarini aks ettirmasligi va turizm koʻrsatkichlarini real ifodada baholashda xatoga olib kelishi asoslangan. Mazkur muammoni hal etish uchun ogʻirliklari turizm yordamchi hisobidagi kirish turizmi iste'moli tarkibidan aniqlanadigan Laspeyres turidagi turizm narx indeksini hisoblash uslubi taklif etilgan. Indeks Milliy statistika qoʻmitasining oylik narx indekslari va yoʻlovchi tashish tariflari asosida 2021–2025-yillar uchun hisoblangan. Natijalarga koʻra, turizm narx indeksi 59,8 foizga, iste'mol narxlari indeksi esa 46,2 foizga oshgan, ya'ni turizm narxlari real ifodada 9,3 foizga qimmatlashgan. Oʻsishning 58 foizi joylashtirish va ovqatlanish xizmatlari hissasiga toʻgʻri kelgan. Iste'mol narxlari indeksi bilan deflyatsiya qilish kirish turizmining real oʻsishini qariyb 9 foizga oshirib koʻrsatishi aniqlangan.