UVAYSIY DEVONINING IKKI HAYOTI: QO‘LYOZMA KOMPOZITSIYASIDAN NASHRIY TALQINGACHA
Annotatsiya
Maqolada XIX asr Qo‘qon adabiy muhitining yirik vakili Jahon Otin Uvaysiy devoni qo‘lyozma kompozitsiyasi va nashriy talqin munosabati nuqtai nazaridan tadqiq etilgan. Asosiy manba sifatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 1837 ashyo raqami bilan saqlanayotgan qo‘lyozma hamda shoir asarlarining turli yillardagi nashrlari qiyosiy o‘rganilgan. Devonning janriy-kompozitsion tuzilishi, hamd va na’tlarning diniy-poetik vazifasi, taxmislarda salaflari bilan ijodiy musobaqa xususiyatlari tahlil qilingan. Qo‘lyozmadagi she’rlarning janrlar bo‘yicha tarkibi va joylashuvi nashrlar bilan qiyoslanib, nashriy tanlov natijasida yuzaga kelgan matniy va kompozitsion o‘zgarishlar aniqlangan. Nashrlarga kiritilmagan 27 g‘azal, 7 muxammas va 2 musaddas devonning to‘liq nashrida manba o‘laroq xizmat qilishi ko‘rsatilgan. Tadqiqot natijalari qo‘lyozma devonni she’rlar yig‘indisi emas, balki o‘zaro bog‘langan yaxlit adabiy tizim sifatida baholash imkonini beradi. Shuningdek, Uvaysiyning mumtoz devonnavislik an’anasini davom ettirish bilan birga, uni individual ijodiy tajriba asosida boyitgani asoslangan. Olingan natijalar shoir devonining kelgusidagi to‘ldirilgan yig‘ma-qiyosiy nashrini tayyorlash uchun manbaviy asos bo‘lib xizmat qiladi.