BIOLABORATORIYALARDA BRAKONNI KO‘PAYTIRISH UCHUN QURILMASINI YARATISH
Litsenziya: cc-by
Annotatsiya
Maqolada biolaboratoriya sharoitida Bracon hebetor Say parazit entomofagini ko‘paytirish jarayonini takomillashtirish maqsadida Galleria mellonella L. qurtlarini individual joylashtirish va zararlashga mo‘ljallangan maxsus qurilmaning konstruktiv-texnologik xususiyatlari bayon etilgan. Qurilma ochiq bo‘g‘izli silindrsimon konteyner shaklida ishlab chiqilgan bo‘lib, uni tayyorlashda tuproq va tabiiy bog‘lovchi komponent-gummiarabik asosidagi aralashmadan foydalanilgan. Konteyner balandligi 35 mm, tashqi diametri 11 mm, ochiq bo‘g‘iz diametri 5 mm, asos qismidagi qo‘shimcha teshik diametri 2 mm va devor qalinligi 3 mm etib belgilangan. Konteynerning asos qismidagi qo‘shimcha teshik Galleria mellonella L. qurti ochiq bo‘g‘izni ipak tolalari bilan to‘sib qo‘ygan holatda ham Bracon hebetor Say imagosining xo‘jayinga kirib borishi uchun rezerv yo‘l vazifasini bajaradi. Tadqiqotlarda har bir konteynerga bittadan V yoshdagi Galleria mellonella L. qurtini individual joylashtirish ta’minlangan. Qurtlarning konteynerga kirishi 5-10 daqiqa davomida kuzatilib, 2-3 soat ichida g‘umbaklanishga tayyorlanish jarayoni faollashishi qayd etilgan. Yaratilgan qurilma Bracon hebetor Say avlodlarini biolaboratoriyada ko‘paytirish bilan bir qatorda, ularni lichinka va g‘umbak bosqichlarida qurilma bilan birgalikda agrobiotsenozga tarqatish imkonini beradi. Mazkur konstruktiv-texnologik yechim UZ IAP 8367-sonli ixtiro patenti bilan huquqiy muhofaza qilingan.